Onlayn musobaqaning Osiyo bosqichi yakunlandi

    Sport 10 Iyul 2020 1162

    Xalqaro sambo federatsiyasi tomonidan ilk bor oʻtkazilayotgan onlayn jahon kubogining Osiyo mintaqasi musobaqalari oʻz gʻoliblarini aniqladi.

    Qitʼaning 23 ta davlatidan saralangan 23 nafar sportchi ishtirok etgan musobaqada Oʻzbekiston sharafini sambo boʻyicha xalqaro toifadagi sportchi Sarbon Ernazarov himoya qildi.

    Koronavirus pandemiyasi sababli ilk bor tashkillashtirilayotgan onlayn bahslarning shart-sharoitlari, musobaqa qonun-qoidasi biroz murakkabligi natijasida hamyurtimiz chorak final ostonasida janubiy koreyalik Jayexi Jangga kichik hisobda imkoniyatni boy berib qoʻydi.

    Oʻzbekistonlik sportchini dogʻda qoldira olgan Jang esa musobaqaning umumiy hisob-kitoblariga koʻra, hindistonlik sportchi bilan 3-oʻrinni oʻzaro taqsimlab olishgan boʻlsa, Yaponiya va Nepal sambochilari oltin va kumush medalga ega chiqishdi.

    -Hozirgi kungacha Afrika, Yevropa va Osiyo qitʼalarining saralash turnirlari yakunlandi. 11-12-iyul kunlari Panamerika qitʼasi vakillarining saralash musobaqalari oʻtkaziladi. 18-19-iyulda esa jahon kubogining final musobaqalari boʻlib oʻtadi, - deydi “Yangi Oʻzbekiston” muxbiriga Osiyo sambo federatsiyasi prezidenti, hamyurtimiz Alamjon Mullayev.