Bu haqda AOKAda “Oʻzbektelekom” AK Axborot xizmati rahbari Timur Mamajonov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda aytib oʻtildi.

2020-yilning oxirida UZTELECOM “Magistral va multiservisli maʼlumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish” loyihasi doirasida keng koʻlamli ishlarni amalga oshirdi. Buning natijasida viloyat va tuman markazlarigacha transport tarmogʻining oʻtkazuvchanligi toʻrt barobargacha oshdi. Shu munosabat bilan joriy yilda transport kanallari ijarasi boʻyicha xizmatlar narxi ikki marotaba, yanvarda 50 % ga, may oyida esa yana 30 % ga arzonlashtirildi.

Internet xizmatlari va hududlararo transport kanallar uchun narxning pasayishi, ayniqsa, Oʻzbekistonning chekka hududlarida operatorlar va provayderlar faoliyatining rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi va bu Oʻzbekiston iqtisodiyotini raqamli transformatsiyalash uchun muhim asos boʻlib xizmat qilishi kutilmoqda.

Brifingda shuningdek, telekommunikatsiya yoʻnalishidagi islohotlar, xususan, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish borasida Kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, sohalar faoliyatiga yetib borayotgan telekommunikatsiya tarmogʻi va bu orqali aholiga yaratilayotgan qulayliklar borasida soʻnggi yillarda erishilgan yutuqlar toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

Taʼkidlanganidek, Kompaniya tomonidan aholi, davlat idoralari va soha tashkilotlariga taqdim etib kelinayotgan keng qamrovli telekommunikatsiya xizmatlari sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Buning uchun tizimdagi mavjud infratuzilmalar modernizatsiyalashtirilib, mamlakatimiz boʻylab yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulanish imkonini beruvchi optik tolali aloqa liniyalari oʻtkazilmoqda.

Belgilangan yillik rejaga muvofiq telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 2021-yil yakuniga qadar respublika boʻyicha 50 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurilishi nazarda tutilgan. Qolaversa, qoʻshimcha keng polosali portlar oʻrnatilishi natijasida 2,9 mln uy xoʻjaliklari, ijtimoiy soha obyektlari va tadbirkorlik subyektlarining keng polosali Internetga ulanishiga imkoniyat yaratildi.

Umuman olganda tarmoqqa ulanishlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Masalan, respublika miqyosida sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi, oliy taʼlim tizimiga umumiy hisobda 22 556 km yuqori sifatli optik tolali aloqa liniyalari oʻtkazib berildi.

Bundan tashqari, Kompaniya tomonidan bir qator ijtimoiy loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, tizimdagi barcha sotuv va xizmat koʻrsatish ofislarini modernizatsiyalash ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur loyiha doirasida yangilangan va Eco Hi-tech uslubida ishlab chiqilgan zamonaviy ofislarda UZTELECOMning barcha xizmatlari, yaʼni uy Internetidan tortib, mobil aloqagacha bir joyda tez va qulay tarzda ulash imkoniyati mavjud. Hozirgi kunda hududlar va Toshkent shahrida umumiy hisobda 193 ta shu kabi ofislar hamda 2 393 ta dilerlik sotuv nuqtalari faoliyat yuritmoqda, ularning sonini yana koʻpaytirish koʻzda tutilgan.

Soha tarmogʻidagi yana bir yangilik, 2021-yilda Jizzax erkin iqtisodiy zonasida “Optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasini amalga oshirish doirasida “Global Optical Communication Uzbekistan” MCHJ (“GOC-UZ”) qoʻshma korxonasi mahsulot ishlab chiqarishning yillik hajmi 50 ming km ga yetkazildi.

Kompaniya zamonaviy milliy operator sifatida oʻz tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida GSM standartidagi baza stansiyalari sonini ham koʻpaytirib bormoqda. Jumladan, ushbu yoʻnalishda joriy yilning birinchi yarim yilligi mobaynida yana qoʻshimcha 150 dan ziyod yangi baza stansiyalarini ishga tushirdi.

Faoliyatlar tahlilidan aytish mumkinki, Kompaniyaning mobil aloqa xizmati abonentlari soni ham jadal surʼatda oʻsib bormoqda. Bu boradagi koʻrsatkich 2016-yilda 674 ming abonentni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan davr mobaynida ushbu yoʻnalishdagi raqamlar 2021-yilda 7 milliondan oshdi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, 2021–2022-yillar mobaynida mobil aloqa infratuzilmasini takomillashtirish, keng polosali internetga ulanish xizmatlari tarmoqlarini, maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini hamda magistral tarmoqni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro paketli kommutatsiya markazini kengaytirish kabi bir qator investitsion loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Mamlakatimizda bosqichma-bosqich barcha tarmoqlar amaliyotiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng tatbiq etilayotganligi Yangi Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyot faol rivojlanib borayotganligidan dalolatdir.