— 2022 - yil 18 - mart sanasi nafaqat tibbiyot xodimlari, balki butun mamlakatimiz aholisi xotirasida ham tarixiy voqea sifatida umrbod muhrlanib qoladi. Bu uchrashuvni biz, tibbiyot xodimlari juda intizorlik bilan kutgandik. Prezidentimizning tibbiyot sohasiga oid aytgan har bir gapi aholi salomatligini asrash va kasalliklarning oldini olishga qaratilgani yuksak e'tiborning yana bir dalilidir.

Davlatimiz rahbari tibbiyotni rivojlantirishning asosiy ettita yo'nalishini belgilab berdi. Yurtimizdagi 17 mingta tibbiyot brigadasi, 2 mingdan ortiq oilaviy shifokorlik punkti va poliklinikalardagi har bir tibbiyot xodimining aholi orasida sog'lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy faollikni oshirish, kasalliklarning oldini olish kabi ko'rsatkichlar bo'yicha reytingi joriy qilinadi. O'zining fidoyiligi bilan namuna bo'lgan, sohani rivojlantirishga hissa qo'shgan tibbiyot xodimlari har uch oyda rag'batlantirib boriladi. Bu chora­-tadbirlar aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Sog'lom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarning oldini olishda namuna ko'rsatgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun “Xalq salomatligi posboni” ko'krak nishoni ta'sis etilyapti. Yilda bir marta a'lo darajada natija ko'rsatgan tibbiyot muassasalariga mukofot va sovg'alar beriladi.

Ayni paytda Buxoro viloyatidagi endokrinologiya markazi uchun zamonaviy bino barpo etilyapti. Zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar keltirilmoqda. Shuningdek, kardiologiya sohasi ham isloh etilmoqda. Yaqinda viloyatda ilk bor yurakda ochiq jarrohlik amaliyoti o'tkazildi. Oldin bunday operatsiyalar poytaxtimizda yoki chet elda o'tkazilardi. Shu yilning boshidan bunday jarrohlik amaliyoti Buxoro viloyatida ham amalga oshirilmoqda. Bu bilan aholiga katta qulaylik yaratilyapti. Endi bemorlar sarson bo'lib, poytaxtda yoki chet elda emas, o'z viloyatida davolanib, shifo topishi mumkin. Sog'liqni saqlash xodimlari bilan uchrashuvda ilgari surilgan taklif va mulohazalarning amalga oshishi ana shunday ezgu ishlarni yangi bosqichga ko'taradi.

O'ylaymanki, ochiq muloqotda bevosita qatnashgan va kuzatib borgan har bir tibbiyot xodimi uchun bu kun unutilmas sana bo'ldi. Bizga ko'rsatilgan bunday rag'bat va e'tibor zimmamizga juda katta mas'uliyat ham yuklaydi. Prezidentimiz tibbiyot xodimlariga ishda to'xtab qolmaslik, muntazam izlanish, o'qish zarurligini ta'kidladi. Bu so'zlarni faoliyatimizning asosiy mezoniga aylantiramiz. Chunki oldimizda kasbiy rivojlanib, tibbiy xizmat sifatini oshirishdek sharafli vazifa turibdi.

Osiyo MIRZAEVA,

Buxoro viloyati sog'liqni saqlash boshqarmasi bo'lim boshlig'i