“Oʻqishga kirganlik haqidagi SMS-xabarlar agentlik xodimlariga ham kelyapti” – BMBA

    Soʻnggi vaqtlarda koʻpchilikka nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻqishga taklif qilish boʻyicha turli SMS-xabarlar yuborilmoqda.

    Bu holat nafaqat joriy yilda, balki oʻtgan yillarda ham kuzatilgan.

    Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot xizmatining xabariga koʻra, ushbu xabarlar faqat abituriyentlarga emas, barchaga, jumladan, Agentlik xodimlariga ham kelmoqda.

    Qayd etilishicha, Agentlik fuqarolarning roziligisiz uchinchi shaxslarga ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etmaydi (Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda OTMlariga talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bundan mustasno).

    Agentlikning axborot tizimlarida axborot xavfsizligi taʼminlangan boʻlib, ularga hech qanday kiberhujum uyushtirilmagan va uchinchi shaxslar tomonidan abituriyentlarning maʼlumotlari qoʻlga kiritilmagan.

    "Shu oʻrinda fuqarolarga ishonchsiz manbalardan foydalanmaslikni va turli manbalarga shaxsiy maʼlumotlarini kiritmaslikni tavsiya qilamiz.

    Fuqarolarimizda ushbu holat yuzasidan shubha boʻlgan taqdirda, Agentlik tegishli tashkilotlar tomonidan oʻrganish oʻtkazilishiga tayyorligini maʼlum qiladi", deyiladi xabarda.