Rahbar va pedagog xodimlarning xalqaro taʼlim tashkiloti dasturi va qoʻllanmalaridan samarali foydalanishni taʼminlash, kasbiy mahoratini rivojlantirishga qaratilgan mazkur treninglarda yaqinda ish boshlagan xorijlik pedagoglar ham jalb etildi.
Prezidentimiz rahbarligida kuni kecha Axborot texnologiyalari sohasida salohiyatli kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlar bilan tizimli ishlash masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yoshlar taʼlim-tarbiyasi sifatini oshirish boʻyicha vazifalarni belgilab berildi. Jumladan, ilgʻor xalqaro tajriba va standartlar asosida Prezident va ixtisoslashgan maktablar muallimlarining malakasini oshirib borish zarurligi taʼkidlandi. Shu maqsadda Toshkent shahrida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi hamda Andijonda uning hududiy filiali tashkil etilishi belgilandi. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, Prezident maktablariga investitsion va innovatsion yoʻnalishlarni joriy qilish boʻyicha yangi tizim tashkil etiladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi xorijdan oʻquv dasturlari, adabiyotlar va jihozlar, malakali pedagoglar va moliyaviy grantlar jalb qilishga koʻmaklashadi. Shuningdek, xorijiy maktablar bilan oʻqituvchi va oʻquvchilarni almashish dasturlari amalga oshiriladi.
Prezident maktablarining rahbarlari va xodimlarining kasbiy mahoratini rivojlantirishga qaratilgan treninglar ham ana shu ezgu maqsadga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir. 6 – 13-sentyabr kuni Cambridge Assessment tashkilotidan taklif etilgan 15 nafar mutaxassis, Prezident maktablariga yangi qabul qilingan pedagog-kadrlar, Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning shu yoʻnalishdagi fan oʻqituvchilari ham interaktiv treninglarda qatnashib, yangi bilim va koʻnikmalarga ega boʻldi. Trening ishtirokchilariga Cambridge Assessment tashkiloti tomonidan xalqaro sertifikatlar taqdim etildi.
Mashgʻulotlar doirasida Prezident maktablarining konstitutsiyasi va mazkur maktablarda joriy etilgan baholash tizimi haqida rahbar xodimlarga batafsil maʼlumot berildi.
— Zamonaviy taʼlim tizimida oʻquvchidan bilimga asoslangan maʼlumotlar emas, balki amaliyot koʻnikmalari talab etilmoqda. Sifatli taʼlim tizimini tashkil qilish uchun esa malakali ustozlarga ehtiyoj bor, — dedi Prezident taʼlim muassasalari agentligi rahbari Hilola Umarova. — Oʻtkazilgan oʻquv treninglaridan koʻzda tutilgan maqsad ham ana shunday malakali pedagog kadrlarni tayyorlash, oʻqitishning zamonaviy usullarini amaliyotga tadbiq etishdir.
STEAM fanlari, oʻz navbatida laboratoriya amaliyotlari bilan uzviy bogʻliq. Trening davomida xorijiy mutaxassislar har bir dars doirasida laboratoriya ishi qanday qilib toʻgʻri tashkil etilishi borasida Oʻzbekistondagi hamkasblari bilan fikr almashishdi. Bundan tashqari, mashgʻulotlar davomida Cambridge Assessment tashkilotining xalqaro A/AS level va IGCSE imtihonlari uchun oʻquvchilarni tayyorlash borasida ham seminarlar tashkil etildi.
— Cambridge Assessment tashkiloti bilan Prezident taʼlim muassasalari agentligi hamkorligida tashkil etilgan seminar treningning asosiy maqsadi birinchi navbatda amaliyotga yoʻnaltirilayotgan Cambridge dasturlarini oʻqitish metodikasi bilan oʻqituvchilarni tanishtirishdir, — dedi Prezident taʼlim muassasalari agentligi rahbari boʻlim boshligʻi Gavhar Eshimova. — Trening yil davomida oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Gibrid shaklida, ham onlayn, ham oflayn. Biz pedagog va maʼmuriyat xodimlarini ish jarayonidan bezovta qilmagan holda doimiy ravishda metodik tomondan qoʻllab-quvvatlab turamiz. Bu treninglar, shuningdek, oʻquvchilarning asosiy dars mashgʻulotlarida olgan bilimlarini real vaziyatlarda sinab koʻrishlari, ijodiy va mantiqiy fikrlash koʻnikmalarini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur tadbirlar nafaqat oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, balki, yangi oʻquv yilini koʻtarinki kayfiyatda boshlash va hammani bir jamoa, bir oila boʻlib birlashtirishga xizmat qilmoqda. Treninglar doirasida tashkil etilgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar xorijiy mutaxassislarga madaniyatimiz, tariximiz, tilimiz, umuman, anʼanalarimiz bilan yaqindan tanishish imkonini ham beradi.