Partiya faolllari, deputatlar, nuroniylar, hunarmandlar, sportchilar, oʻqituvchilar, madaniyat xodimlari, partiyaning gʻoya va maqsadlari xayrixoh yoshlar hamda mahalla faollari ishtirok etgan uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili, Oliy Majlis senati aʼzosi Baxtigul Boʻtayeva olib bordi.
Baxtigul Boʻtayeva joriy yilning 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Prezidentlik saylovi halqimiz uchun kelajak tanlovi ekanligiga toʻxtalib, nomzod haqida maʼlumot berdi hamda saylovchilarni saylovda faol ishtirok etishi, oʻzi xohlagan nomzodga ovoz berish har bir fuqaroning konstitutsion huquqi ekanligini taʼkidlab, barcha surxondaryoliklarni mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim oʻrin tutuvchi ushbu jarayonda faol ishtirok etish va Alisher Qodirov nomzodini yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Shundan keyin Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov ishtirokchilarni oʻzining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. U, avvalo, Surxondaryo viloyatidagi oʻzgarishlar, xususan, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi ijobiy oʻzgarishlarga alohida toʻxtaldi. Surxondaryo eli mard, tanti polvonlari hamda betakror baxshichilik sanʼati bilan nafaqat mamalakatimizda, shu bilan birga, dunyoga mashhur boʻlib borayotganligini alohida qayd etdi.
U oʻz dasturida bolalar taʼlim-tarbiyasi muhim ekanligini bayon etarkan, “Bolani yoshligidan toʻgʻri tarbiyalasak, halollikni, oʻziga nisbatan masʼuliyatni, toʻgʻrsoʻzlikni, gʻurur va oriyatni oʻrgatsak, kelajakda oʻgʻirlik, korrupsiya degan tushunchalarga joy qolmaydi”, deya taʼkidladi.
Shuningdek, nomzod saylovchilarga oʻz dasturidagi asosiy gʻoyalar, tashabbuslar va ilgari surilayotgan takliflarini tanishtirar ekan, maktablarda boshqaruv, oʻqituvchiga munosabat va taʼlim-tarbiya ishlarini tubdan oʻzgartirish, sinf rahbarligi faqat “Tarbiya” fani oʻqituvchilari zimmasiga yuklatilishi, oʻqituvchilarga ish haqi kamera kuzatuvlari asosida hisoblanadigan reyting ballariga muvofiq belgilanishi, 10 yil va undan ortiq oʻqituvchilik qilgan pedagoglarga oylik maoshining 50 foizi miqdorida ustama berish, agar oʻzlari xohlagan taqdirda oʻqituvchilarga 50 yoshdan nafaqaga chiqish huquqi berilishi borasidagi takliflarini bayon etdi.
Uchrashuv yakunida Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov saylovchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Tadbirda turli soha vakillari soʻzga chiqib, nomzodning dasturi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Usmonali NORMATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri