Oʻqituvchilar qadrini koʻtarmas ekanmiz, hech narsaga erisha olmaymiz — Saida Mirziyoyeva

    Ijtimoiy hayot 19 Dekabr 2022 1028

    Oʻqituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqildi va tez orada qabul qilinishi kutilyapti.

    Bu haqda Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva “Zakovat” intellektual olimpiadasi yakunida fikr bildirdi.

    "Afsuski, farzandlarimizga taʼlim berayotgan oʻqituvchilar yillar davomida haq-huquqsiz, himoyasiz, qadrsiz boʻldi. Ulardan bogʻbon, farrosh, maktabga kelgan komissiyalarga xizmat koʻrsatuvchi ofitsiant, zerikarli tadbirlarda boʻsh zallarni toʻldiruvchi “massovka”, matbuot nashrlariga majburiy obunachi, tungi navbatchi va maktab qorovuli sifatida foydalanildi.

    Endi bu ishlarni toʻxtatish vaqti keldi. Chunki oʻqituvchilar qadrini koʻtarmas ekanmiz, hech narsaga erisha olmaymiz.

    Oʻqituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqildi va tez orada qabul qilinishi kutilyapti", dedi u.