Oʻqituvchilik kasbni jamiyatdagi eng obroʻli ishga aylantirish mening necha yillik orzuim, kerak boʻlsa, armonim edi — Prezident

    “Yangilangan Konstitutsiyamizda dunyodagi moʻtabar shaxs – oʻqituvchi maqomini alohida mustahkamlash, bu kasbni jamiyatdagi eng obroʻli ishga aylantirish mening necha yillik orzuim, kerak boʻlsa, armonim edi.

    Chunki oʻzim ham koʻp yillar shu sohada ishlaganman. Oʻqituvchi mehnati qanchalik ogʻir va mashaqqatli ekanini yaxshi bilaman.

    Afsuski, ana shunday sharafli va olijanob kasb egalariga biz yaqin oʻtmishda yetarlicha hurmat va eʼtibor qarata olmadik.

    Sir emas, qaysi sohaga qoʻshimcha ishchi kuchi kerak boʻlsa, birinchi navbatda oʻqituvchi-pedagoglar jalb etiladigan boʻlib qolgan edi.

    Biz mamlakatimizda yangi islohotlarni boshlagan birinchi kunlardan eʼtiboran ana shu ogʻriqli masalani hal etishga – oʻqituvchilarni, bolalar va ayollarni majburiy mehnatdan xalos qilishga kirishdik.

    Qatʼiy iroda va intilish bilan bu noxush holatlar bugun tarixga aylandi.

    Mana, bu yil “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qildik. Konstitutsiyamizda belgilangan qoida endi ana shu qonun asosida ishlay boshlaydi.

    Kimki oʻqituvchiga bosim oʻtkazib, uning kasb faoliyatiga daxli boʻlmagan ishlarga, turli majlislarga jalb etmoqchi boʻlsa, ana shu qonun asosida javobgarlikka tortiladi”,

    — dedi Prezidentimiz.