Tadbirda Prezident Administratsiyasi, Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati, Bojxona qoʻmitasi, Davlat chegaralarini himoya qilish qoʻmitasi, Bosh prokuratura, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Ekologiya qoʻmitasi inspeksiya, Milliy gvardiya va boshqa masʼul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishda jamoat xavfsizligini taʼminlash, noqonuniy qurol aylanmasining oldini olish hamda amaldagi qonunchilik ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Mutasaddi idoralar tomonidan oʻqotar qurollarni roʻyxatga olish, saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi, noqonuniy qurol-yarogʻ aylanmasiga barham berish yuzasidan olib borilayotgan ishlar tahlil etildi. Shuningdek, mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari yuzasidan fikr almashildi.

Taʼkidlanganidek, noqonuniy qurol muomalasi jinoyatchilik va jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Shu bois mazkur yoʻnalishda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, aholi oʻrtasida huquqiy tushuntirish ishlarini kengaytirish hamda idoralar oʻrtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Idoralar oʻrtasida tezkor axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada yagona elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish, tezkor kanallar orqali maʼlumot uzatish tizimlarini takomillashtirish hamda qoʻshma tadbirlar oʻtkazish zarurligi qayd etildi. Axborot almashinuvining samaradorligi noqonuniy qurol aylanishini barvaqt fosh etishda hal qiluvchi omil ekani taʼkidlandi.

Bundan tashqari, yigʻilishda oʻqotar qurollar hisobini yuritishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, yagona platforma yaratish, elektron nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va qonunbuzarliklarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.

Tadbir yakunida huquq-tartibot organlari vakillari bilan oʻqotar qurollar muomalasi ustidan samarali nazoratni taʼminlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va fuqarolar xavfsizligini ishonchli himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifalari kelishib olindi.