Urganch xalqaro aeroporti bugun dunyoning barcha qitʼalari bilan bogʻlangan. Bu yurtimizda turizmga berilayotgan eʼtibor natijasi. Hozirda viloyatdagi yagona havo darvozasidan dunyoning ellikdan ortiq shaharlariga doimiy va charter qatnovlar amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha Qozogʻistonning Oqtov shahridan samolyotda ilk yoʻlovchilar Urganchga kelishdi.
Qoʻshni respublika shaharlari bilan doimiy qatnovlar asosan qadim Xivaga sayohat qilish uchun kelayotgan sayyohlar va tadbirkorlar uchun moʻljallangan. Ayni paytda yurtdoshlarimizning ham tadbirkorlik va sayohat maqsadida qoʻshni davlatga borish orzulari amalga oshdi.
“Boelnq 737-300” rusumli Qozogʻistonning “SCAT” kompaniyasiga tegishli samolyotda “Oqtov – Urganch – Oqtov” yoʻnalishida parvozlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.
Xalqaro aeroport maʼmurlari eʼtiroficha, amaldagi yilda yana bir qator davlatlar bilan aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishi loyihalari ustida muzokoralar olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun, bugun qadim vohaga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlarning yarmidan qoʻprogʻi aynan havo transporti yoʻlovchilaridir.
Roʻzimboy HASAN,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.