Oʻquv-mashgʻulotlarda qatnashmasdan “prava” olib berishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi

    Xavfsizlik 4 Yanvar 2024 1210

    Jizzax viloyati Arnasoy tumanida noqonuniy yoʻllar bilan haydovchilik guvohnomasini olib berishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar beradi.

    Maʼlum qilinishicha, departamentning Arnasoy tuman boʻlimi tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan. Tadbirda R.Oʻ. ismli shaxs fuqaro Oʻ.O.ga goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olish uchun boʻlib oʻtadigan oʻquv-mashgʻulotlariga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga 11 million soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.