Bu oʻzgarishlarni Nishon tumanidagi 13-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabining chet tili fani oʻqituvchisi Shavkat Geldiyev misolida koʻrishimiz mumkin.

Jonkuyar muallim 22 yillik pedagogik tajribaga ega, oliy toifali ingliz tili oʻqituvchisi. Bir necha bor professional tanlovlar gʻolibi boʻlgan. Hozir ham tinmay ilmiy izlanishlar olib bormoqda. 2016-yili “Yilning eng yaxshi chet tili oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida gʻoliblar orasidan oʻrin egallab, Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida stajirovka oʻtab kelgan.

Chet tillarini oʻqitishdan asosiy maqsad maktab oʻquvchilarining kommunikativ madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish, chet tilini amaliy oʻzlashtirishga oʻrgatishdir. Oʻqituvchining vazifasi har bir oʻquvchining tilni amaliy oʻzlashtirishi uchun shart-sharoit yaratish, har bir oʻquvchiga yoʻnaltirilgan yondashuvni amalga oshirishga yordam berish, bolalarning qobiliyatini, oʻrganish darajasini hisobga olgan holda oʻqitishni individuallashtirish va differensiallashtirishdir.

2021-yil 1-oktyabrda Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Shavkat Geldiyev “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. 2022-yil 24-yanvardan 14-martga qadar maxsus dastur grantini qoʻlga kiritib, AQSHdagi nufuzli universitetda 6 haftalik stajirovka oʻtab qaytdi. Xorijiy stajirovka davomida Kent universitetida taʼlimda yangi texnologiyalarini qoʻllash usullarini oʻrgandi.

Muallim qatnashgan Fulbrayt TEA juda raqobatbardosh dastur boʻlib, har yili butun dunyodan minglab oʻqituvchilar unda qatnashish uchun murojaat qiladi. Ushbu murojaatchilardan 90 ga yaqini ishtirok etish uchun tanlab olinadi. Oʻqituvchilarni tanlashda ularning pedagog sifatida erishgan yutuqlari, oʻquvchilariga, jamiyatga doimiy taʼsir koʻrsatish istagi va salohiyati hisobga olinadi.

2022-yilgi dasturda Oʻzbekistondan 6 nafar ingliz tili oʻqituvchisi ushbu dastur gʻoliblari qatorida AQSHning turli shtatlaridagi universitetlarda malaka oshirish va maktablarda amaliyot oʻtab, tajriba almashish imkoniyatiga ega boʻldi.

Hozir Shavkat Geldiyevning 65 nafar shogirdi ingliz tili boʻyicha oliy taʼlim muassasalarida tahsil oladi. Ustoziga havas qilgan 3 nafar oʻquvchi oliy taʼlimni tamomlab, shu maktabda faoliyat boshladi. Ularning ham natijalari aʼlo darajada. Bu yil fan olimpiadasining hududiy bosqichida muallimning ikki nafar oʻquvchisi 3-oʻrinni va bir nafari birinchi oʻrinni egalladidi .

Ularning natijasidan quvongan muallim “Ustozidan oʻzmagan shogird shogird emas. Xudo xohlasa, oʻquvchilarim mendan-da yuksak marralarni zabt etadi”, deydi faxr bilan...

Zebiniso ILHOMOVA,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti talabasi