Xalq taʼlimi vazirligi AQSHning xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan umumtaʼlim maktab oʻquvchilarining moliyaviy savodxonligini oshirish, tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan loyiha tajriba-sinov tariqasida Fargʻona viloyatida oʻz ishini boshladi.
Loyihaga koʻra, umumtaʼlim maktablarida oʻtiladigan “Iqtisodiy bilim asoslari”, “Tadbirkorlik asoslari” darslarining oʻtilish jarayoni tahlil qilinib, yangi standart, oʻquv dastur, metodik qoʻllanmalar ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish, oʻquvchilarga istiqbolli kasblarni egallashi uchun poydevor boʻladigan bilim va koʻnikmalar berib borish kabi qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga 8-11-sinf oʻquvchilarining qiziqishlari tanlov asosida oʻrganiladi va oʻtkazilgan tahlillarga koʻra ularning kasbiy moyilligi boʻyicha kelgusida kasbga yoʻnaltirish ishlari olib boriladi.
Mazkur loyihalar orqali oʻquvchi-yoshlarda moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish hamda maktab davridan kasb-hunarga boʻlgan qiziqishlarini oshirish uchun zamin yaratiladi.