BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ma'lumotlariga ko'ra, bugungi kunda jahon miqyosida boshlang'ich sinf o'quvchilarining taxminan 41 foizi bepul ovqatlanish dasturidan foydalanadi. Bu ko'rsatkich daromadi past mamlakatlarda 18 foizni, daromadi o'rtachadan past mamlakatlarda 39 foizni, daromadi yuqori mamlakatlarda 61 foizni tashkil qiladi.
Bugun Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida salkam 30 million bolaga shunday dasturlar tufayli bepul sut, meva hamda sabzavotlar beriladi. Rossiyada boshlang'ich sinf o'quvchilari kuniga kamida bir marotaba issiq ovqat va issiq ichimlik oladi. Xitoyda o'quvchilarga sut mahsulotlarini berishga qaratilgan dastur 2000-yildan beri amal qiladi.
O'zbekistonda 1-4 sinf o'quvchilarini bepul ovqat bilan ta'minlash sinov tariqasida 2022-yilda Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yo'lga qo'yildi va Qoraqalpog'iston Respublikasida 147,4 ming, Xorazm viloyatida 141,8 ming o'quvchi bepul nonushta bilan ta'minlanayapti.
MHTI mutaxassislari tadqiqot davomida Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi 40 ta maktabning 4000 nafar boshlang'ich sinf o'quvchilari o'rtasida so'rov o'tkazdi. Aniqlanishicha, 2022-2023-yillarda pilot hududlarda maktablarda bepul ovqatlanish dasturining amalga oshirilishi “qoniqarli” deb topilgan.
Bundan tashqari, Jahon banki ko'magida amalga oshirilayotgan MHTI loyihasi doirasida O'zbekistonda bolalar farovonligi indeksini baholash bo'yicha ijtimoiy so'rov o'tkazildi, unda respublikaning barcha hududlaridan 2000 dan ortiq uy xo'jaligi va 3000 dan ortiq bolalar ishtirok etdi. So'rov natijalari maktabda bepul ovqatlanish dasturining o'quvchilar davomadi bilan bog'liqligini aniqlash imkonini berdi.
Tadqiqotda “Propensity score matching” modelidan foydalanildi. Hisob-kitoblar Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida so'nggi bir oy davomida bepul ovqatlanayotgan o'quvchilarning 85 foizi darsni biron marotaba ham qoldirmagani, boshqa hududlarda esa bu ko'rsatkich 77 foizni tashkil etganini ko'rsatdi. Demak, dastur davomatning 8 foiz yaxshilanishiga ko'mak bergan.
Garchi 2022-2023-yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida sinov tariqasida amalga oshirilgan dastur qoniqarli, deb e'tirof etilgan bo'lsa-da, masalaning ayrim jihatlariga e'tiborni kuchaytirish zarur. Xususan:
➖ berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ratsioni har bir hududdagi sharoitdan kelib chiqqan holda qayta ko'rib chiqilishi;
➖ boshlang'ich sinf o'quvchilarini issiq ovqat bilan ta'minlash uchun respublikadagi barcha maktablarda oshxonalar tashkil etilishi;
➖ oziq-ovqat mahsulotlari ratsioniga sut va sut mahsulotlarini, shuningdek, makro va mikronutrientlar, vitaminlar bilan boyitilgan, yog'lar, qand va tuz miqdori cheklangan mahsulotlarni qo'shish;
➖ jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va muntazam monitoring qilib borish uchun elektron onlayn platformani yaratish maqsadga muvofiq.