Ma’lumot uchun: Orascom Construction 1950-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Misrning eng yirik qurilish va sarmoyaviy kompaniyalardan biri hisoblanadi. Daromadi 3,4 milliard dollarni tashkil etadi va xodimlari soni 10 ming kishidan oshadi.
Suhbat chog‘ida Misr delegatsiyasining bir kun avval soha birlashmalari rahbarlari va mahalliy hokimiyat organlari bilan o‘tkazgan qator ishchi uchrashuvlari yakunlari sarhisob qilindi. Navoiy viloyatida tayyor elektrotexnika, to‘qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni joylashtirish uchun sanoat zonasini tashkil etish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganildi.
Shuningdek, kompaniya Toshkent, Andijon, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi sanoat parklarini boshqarishda ishtirok etish rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Shu o‘rinda, kompaniya vakillariga mamlakatimizga o‘z sarmoya, tajriba va innovatsion ishlanmalarini olib kirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish niyatlarini bildirib, erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida o‘zaro hamkorlik formatini ishlab chiqdilar.