Qayd etilganidek, hujjat organik mahsulotlar (organik mahsulotlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, transportda tashish, tamgʻalash va realizatsiya qilish, shuningdek muvofiqlikni baholash va avtorizatsiyalashtirish) sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Ushbu Qonunda organik mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarning huquq va majburiyatlari belgilangan boʻlib, unga muvofiq ular ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, transportda tashish va realizatsiya qilish chogʻida oʻz firma nomidan, tovar belgisidan va xizmat koʻrsatish belgisidan foydalanish, organik mahsulotlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, transportda tashish va realizatsiya qilish uchun zarur boʻlgan xizmatlar (ishlar) turlarini, shu jumladan muvofiqlikni baholash organlarini va maslahat xizmatlari koʻrsatuvchi tashkilotlarni mustaqil ravishda tanlash huquqiga ega.

Shuningdek, Qonun bilan organik mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar faoliyati doirasida organik mahsulotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etishi belgilangan.

Ushbu Qonun bilan organik mahsulotlarni ishlab chiqarishga doir shartlar va talablar, ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va davlatimiz hududidan olib chiqish tartibi mustahkamlanmoqda.

Bundan tashqari, muvofiqlikni baholash organini avtorizatsiyalashtirish, organik mahsulotlar sohasidagi ekvivalentlikni baholash, organik mahsulotlarni tamgʻalash mexanizmlari ham ochib berilgan.

Qonunning qabul qilinishi organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va xomashyo ishlab chiqarish tizimidagi munosabatlarni shakllantirishning huquqiy asosini yaratish, organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va xomashyo ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, xoʻjalik subyektlari munosabatlarini huquqiy tartibga solishga yordam beradi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.