Mayin shabada gullagan oʻrik va bodom iforini dimoqqa eltadi. Tanga xush yoquvchi quyoshning iliq nurlari endi nish urayotgan kurtaklarga jon bagʻishlab jilvalanadi. Maysalar koʻkargan qir-adirlarda qoʻzi­choqlarning maʼrashi eshitiladi. Qish boʻyi koʻklamni sogʻinib kutgan qishloq aholi­si bahorgi yumushlarini boshlab yuborgan. Dala-dashtlar oppoq libos kiygandek koʻzni qamashtiradi. Bularning barchasi dillarga bahor va Navroʻz shukuhini joylaydi.

Fargʻona bogʻlarida bahor nafasi ana shunday oʻzgacha fayzu tarovat bilan boshla­nadi. Keyingi yillarda bu anʼana yangicha ruh va koʻtarinkilik bilan davom etmoqda. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan oʻtkazib kelinayotgan “Oʻrik gullaganda” yoshlar ijo­diyoti festivali bu borada yangi imkoniyat eshiklarini ochmoqda.

Tabiat uygʻonib, dov-daraxtlar kurtak yoz­gan maskanda tashkil etilgan bayram bahor sayillariga aylanib ketdi. U uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar, ijodkor yoshlar va nuro­niylarni bir maqsad yoʻlida birlashtirdi. Bayram dasturlari doirasida 100 dan ortiq turli koʻrgazma namoyish etildi. Milliy hunarmandchilik namunalari, xalq amaliy sanʼati, rassomlar ijodi, xalq ogʻzaki ijo­diyoti, kitoblar va liboslar koʻrgazmasi oʻtkazildi. Xalq dastalari, madaniyat mar­kazlarining ansambllari hamda xushovoz xo­nandalar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar koʻngil­larga bahoriy kayfiyat ulashdi. Bahorning anʼanaviy taomi boʻlgan sumalak va koʻkatli noz-neʼmatlar bayram dasturxoniga oʻzgacha koʻrk bagʻishladi.

— Navroʻz asrlar davomida bahor, ezgu­lik, mehr-oqibat, mehnat va bunyodkorlik ramzi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida beqiyos oʻrin tutib keladi, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrin­bosari Sherzod Polvonov. — Ana shunday ezgu qadriyatlar tufayli yurtimizda aholi manfaatlari va ijtimoiy himoyasini taʼ­minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qoʻl­lab-quvvatlash, mehr va eʼtibordan chetda qoldirmaslik, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yer va suv resurslaridan oqi­lona foydalanish ustuvor vazifamizga aylandi. Bu yilgi festival muborak Ra­mazon oyining mehr-saxovat amallariga hamohang tarzda oʻtayotgani bilan eʼtiborni tortadi. Festival doirasida mehr-saxovat anʼanalari yanada bardavom boʻlib, har bir oila va xonadonga bahor shukuhi, Navroʻz ta­rovati kirib bormoqda.

“Navroʻzni ulugʻlash — insonni ulugʻlash­dir!” degan ezgu gʻoyani oʻzida mujassam etgan ushbu festival doirasida oʻquvchilar oʻr­tasida bahor mavzusidagi rasmlar tanlovi hamda sport bellashuvlari oʻtkazildi.

Biloliddin Ikromov Oʻzbekiston tumani­dagi 38-maktabning 6-sinfida oʻqiydi. U festival doirasidagi varrak uchirish bahslari­da tengdoshlari bilan musobaqalashdi.

— Festivalda oʻzim tayyorlagan varrak bilan ishtirok etdim, — deydi Bilolid­din. — Keng maydon uzra varrak uchirish­ning shukuhi oʻzgacha boʻlarkan. Tayyorlab kelgan varragim eng yuqori va uzoq uchgan varraklar qatoridan joy oldi. Eng muhimi, boshqa tengdoshlarim bilan doʻstlashdim, varrak tayyorlash borasida oʻzaro fikrlash­dik, bilmaganlarimizni oʻrgandik. Maqsa­dim — kosmonavt boʻlib, koinotga chiqish.

Tabiat goʻzalliklariga yoʻgʻrilgan bogʻlar qoʻynida turfa rasmlar chizayotgan yoshlarning ijod namunalari koʻpchilikning eʼtiborini tortadi. Oppoq qogʻozga qalam va moyboʻyoqlar bilan tasvirlanayotgan tabiat manzaralari bir-birini takrorlamaydi. Har bir suratda yosh rassomlarning dunyoqarashi va oʻy-fikr­lari mujassam. Oʻrik gullari, yashil maysa­zorlar uzra chopqillab borayotgan begʻubor bolalarning quvonch-shodliklarini har bir ijodkor oʻziga xos tarzda tasvirlagani eʼti­bor va eʼtirofga loyiq.

— Festivalda “Bahor shukuhi” nomli rasmlar toʻplamini tayyorladim, — deydi Furqat tumanidagi 1-maktabning 5-sinf oʻquvchisi Sevinch Maqsudova. — Har fasl­ning oʻz tarovati, jozibasi bor. Ammo bahor alohida ajralib turadi. Maktabda oʻqish bilan birga Furqat tumanidagi 12-bola­lar musiqa va sanʼat maktabining rassom­lik-haykaltaroshlik toʻgaragi aʼzosiman. Ustozlarim koʻmagida ona tabiatning oʻziga xos manzaralarini tasvirlash, uni asrab-avaylash yoʻlidagi saʼy-harakatlar va yashil olam goʻzalliklarini ijodiy ishlarim orqali koʻrsatishga harakat qildim. Festi­val doirasidagi tadbirlarda nazariy bi­limimni amaliyot bilan uygʻunlashtirdim, mahoratimni oshirdim. Bu meni yangi maqsad va ijodkorlikka undamoqda.

Festival xalqlar doʻstligi va millat­lararo totuvlik bayramiga aylandi. Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy mada­niyat markazlari vakillari hamda xorijlik mehmonlar ham ishtirok etdi.

— Oʻzbekiston tumanidagi 21-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida ingliz tilidan dars beraman, — deydi festivalda ishtirok etayotgan filippinlik Ma­gallon Riza Vallente. — Fargʻonaning goʻzal tabiati, mehmondoʻst va dilkash kishilari qalbimga quvonch, shodlik tuygʻularini olib kirmoqda. Goʻyo oʻz yaqinlarim bilan hamnafas boʻlib yashayotgandekman. Bugungi bayramdan juda katta zavq oldim, taassurotimni soʻz bilan ifodalab berishga ojizman. Milliy libosdagi yoshlar va nuroniylar, milliy taomlar, urf-odatlarga yoʻgʻrilgan koʻrgazma­lar hamda yoshlarning saʼy-harakati bilan yaqindan tanishdim. Koʻrganlarim va bil­ganlarimni, albatta, hamyurtlarimga yetka­zaman, ularni turfa gullarga burkangan bu ajib oʻlkaga sayohat qilish, mehmon boʻlishga chorlayman.

Dildan suhbat qurayotgan dilbar onaxon­lar va oppoq soqolli nuroniylar fayzli davraning toʻridan joy oldi.

— Bahor kelsa, tolpopukdan soch tarab, qizlar bilan toʻp-tosh oʻynardik, sumalaklar uchun yogʻochdan qoshiqlar tayyorlardik. Ammo bugungidek katta bayramlarni koʻr­magan edik, — deydi Mahfuzaxon Hu­sanova. — Dasturxonimiz toʻkin-sochin. Farzand va nabiralarimizni oʻqityapmiz, uylar qurib, toʻylar qilyapmiz. Bularning barchasi yurtimizda hukm surayotgan tinch­lik, toʻkinlik va farovonlik mahsulidir. Bu kunlarga shukrona qilyapmiz. Uch oʻgʻlim, kelinlarim va nabiralarim bilan keldik. Hammasi bir-biridan yaxshi, goʻzal va be­takror. Keksalikni unutib, miriqib oʻy­nab-yayradik.

Festival davomida qiygʻos gullagan oʻrikzorlar xalq laparlari, bolajonlar kul­gisi va nuroniylarning duosi bilan yanada fayzli tus oldi.

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri