Oʻrmonchilarning oʻz ishiga sovuqqon yondashish oqibatida oʻsimlik dunyosi 852 mln soʻmdan ortiq zarar koʻrdi

    Yashil sayyora 3 Avgust 2023 1274

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida 10 ga yaqin chaylalar buzib tashlandi.

    Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, boshqarma boshligʻi Roʻzigul Safarova boshchiligida tezkor guruh «Bobotogʻ «davlat oʻrmon xoʻjaligi faoliyatini oʻrgandi.

    Birinchi kunidayoq bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Jumladan, birinchi kunda “Bobotog” davlat oʻrmon xoʻjaligi “Fayzova” boʻlimining 1-A-aylanma 2-kvartal oʻrmon fondi yer maydonida 893 (sakkiz yuz toʻqson uch) tup “Tojik” kovrak oʻsimligining shirasi 2-3-marotaba olingan.

    Bundan tashqari 163 tup tojik kovrak oʻsimligining shirasini olish maqsadida dimlab qoʻyilgani kuzatildi. Hudud oʻrmonchisi M. Mamatraimovaning oʻz ishiga sovuqqon yondashishi, maʼsuliyasizligi oqibatida shaxsi nomaʼlum boʻlgan shaxslar bu harakati bilan oʻsimlik dunyosiga 442 million 35 ming soʻm zarar yetkazilgani aniqlandi.

    Oʻrganishlarning ikkinchi kunida “Fayzova” oʻrmon boʻlimining 5-aylanma 6-kvartal oʻrmon fondi yer maydonida, ushbu hududga javobgar oʻrmonchi A.Jonqobilovning eʼtiborsizligi oqibatida 830 tup (sakkiz yuz oʻttiz) tup Tojik kovrak oʻsimligining shirasi 5-6 marotaba kesib olingani aniqlandi. Oqibatda oʻsimlik dunyosiga 410 million 850 ming soʻm zarar yetkazilgan.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida 10 ga yaqin chaylalar buzib tashlandi.

    Eslatib oʻtamiz, Tojik kovragi Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan.