Germaniya «ALBA KULTUR» kompaniyasi bilan hamkorlikda  o‘tkazilayotgan mazkur  madaniy loyihada Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa sanʼati instituti talabasi Azada Qarlibayeva va Qaraqalpog‘iston musiqa maktabi o‘qituvchisi  Gumisay Berdixanova o‘z dasturlarini  taqdim etayapti.

Gastrol davomida qoraqalpoq milliy musiqa va ashulasi hamda dostonchilik sanʼatini Germaniyaning Dyusseldorf, Paderborn, Zigen, Xamm, Vuppertal, Gyuterslo, Kempen, Remshayd shaharlarida, Belgiyaning  Bryussel shahridagi Molyer teatrida  hamda Niderlandiyaning Leyden shahrida namoyish etish  rejalashtirildi.

Konsert dasturlaridan tashqari loyiha ishtirokchilari «Musikerinnen der Welt im JeKits Klassenzimmer» musiqa taʼlimi dasturi bo‘yicha Germaniyadagi  musiqa maktablarida Markaziy Osiyo baxshichilik sanʼati bo‘yicha maʼruza va mahorat darslari o‘tashadi.

«Orol dengizi shamollari» loyihasi doirasida taqdim etilayotgan konsert dasturi repertuaridan  milliy  va zamonaviy  ohanglarni mujassamlashtirgan  ijrolar o‘rin olgan.

Azada Qarlibayeva va Gumisay Berdixanova ko‘plab musiqiy tanlovlarda qatnashgan va bir nechta mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Yurtimizda o‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivallarida ham ishtirok  etgan.