Mazkur qaror yuqori texnologik innovatsiyalar, ekologik toza, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishga investitsiyalarni jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini majmuaviy qoʻllash, choʻllashuv va ekologik migratsiya jarayonlarining oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni va ragʻbatlantiruvchi omillarni shakllantirishga qaratilgani bilan eʼtiborga molik.
2021-yil 18-may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi. Aytish joizki, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2018-yildan buyon choʻl hududlarni koʻkalamzorlashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Jumladan, Orol dengizi qurishi bilan bogʻliq falokat va uning salbiy oqibatlarini yumshatish dolzarb vazifalardan biriga aylandi.
Mazkur yoʻnalishda vazirlik tomonidan mahalliy olimlar va xalqaro hamkorlarni jalb qilishga alohida eʼtibor qaratilib, qator ishlar bajarildi. Shoʻrlangan sharoitda Biodehqonchilik xalqaro markazi va Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda butun dunyodan xalqaro tashkilotlar va xorijiy ilmiy muassasalar vakillari taklif etilib, 2018-yili Samarqand shahrida, 2019-yili Nukus shahrida konferensiya oʻtkazildi.
Ushbu tadbirlar natijasida Nukus tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur markazning Nukus tumanidagi tajriba uchastkasida 51 xildagi 53 mingdan ortiq koʻchat, shuningdek, Moʻynoq tumanidagi tajriba uchastkasida 26 xildagi 26 ming tup atrofida manzarali, shoʻrlanish va qurgʻoqchilikka chidamli daraxtlar koʻchati parvarish qilinib, sinovdan oʻtkazilmoqda.
Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiya qabul qilingani dunyo hamjamiyatining eʼtiborini Orolboʻyi mintaqasiga qaratish uchun katta turtki boʻldi. Orolboʻyi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi degan yuksak maqom olgan dunyodagi ilk mintaqa boʻldi.
Oʻzbekiston Prezidentining mazkur qarorida Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga Orolboʻyi mintaqasini ekologik va gumanitar inqirozli hududdan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish choralarini koʻrish vazifasi qoʻyilgan.
Ushbu hududda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Yosh olimlar akademiyasi va Yoshlar texnoparkini tashkil etish choralari koʻrilmoqda. Shuningdek, oʻsimliklar urugʻlari genbanki laboratoriyasi, biznes akselerator oʻquv markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bugungi kunda vazirlikning qoʻllab-quvvatlovi orqali Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan Nukus va Moʻynoq tumanlarida xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda qator ishlarga qoʻl urilmoqda.
Jumladan, Xitoy Fanlar akademiyasining Sinszyan Ekologiya va geografiya instituti bilan birga ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishga ixtisoslashgan laboratoriya tashkil etish, “LATMA-ADED” (Shveysariya) uyushmasi moliyaviy koʻmagida Moʻynoq tumani “Tikoʻzak” OFY hududida 250 oʻquvchiga moʻljallangan 7-maktab uchun suvni chuchuklashtiruvchi stansiya qurib berish, Yaponiyaning “SATREPS-2020” tanlovida maʼqullangan loyiha doirasida ilmiy tadbirlar qilish, Rossiya Federatsiyasining I.M.Gubkin nomidagi davlat universiteti bilan hamkorlikda yangi biopreparat-tuproq modifikatorini sinovdan oʻtkazish, Tunisning Chahbani Technologies (CHAHTECH SA) kompaniyasi olimlari bilan hamkorlikda tuproq ostidan sugʻorish irrigatsiya tizimini joriy etish boʻyicha innovatsion tajriba-sinov ishlari olib boriladi.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur qarori uzoq yillardan beri Orolboʻyida yashayotgan aholini qiynayotgan muammolarning innovatsion, amaliy yechimini taqdim etadi. Odamlarning ogʻir turmush sharoitini yengillashtirib, ertangi kunga ishonchini yana-da oshiradi.
Absalom ISHIMOV,
Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʻi