Materialda Orol dengizining qurib borishi va u bilan bogʻliq iqtisodiy-ekologik muammolar haqidagi maʼlumotlar keltirilgan. “Orol dengizi deyarli yoʻqolish arafasida. Mintaqa Bavariya hududi bilan teng, quruq va kimsasiz. Bugungi kunda dengiz suvining atigi 10 foizi qolgan xolos. Bir vaqtlar port shahri boʻlgan Moʻynoqdan hozirgi paytda Orol dengizi sohili 80 kilometrga uzoqlashgan. Sobiq dengiz tubidan koʻtarilayotgan qum changlari yuzlab kilometr masofaga yetib bormoqda. Qum boʻroni esganda sariq rangga burkangan qalin tuman butun hududni oʻrab oladi”, - deyiladi maqolada.
Nemis nashri oʻz oʻquvchilariga ushbu ekologik ofat oqibatlarini yumshatishda jahon hamjamiyatining ishtiroki haqidagi maʼlumotlarni ham taqdim etgan. “Islamische Zeitung” maʼlumotiga koʻra, BMT va BMTTD homiyligida 2019-yil oktyabr oyida xorijning 300 ga yaqin taniqli eksperti Nukus shahrida boʻldi. “Olimlar va ekspertlar, vazirlar va deputatlar Orol fojeasi boʻyicha maʼruzalar qildi va mavjud muammolarni muhokama qildi”, - deb taʼkidlanadi maqolada. - Bu ulkan vazifa Oʻzbekiston va Qozogʻiston uchun, butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim va global ahamiyatga ega. Chunki iqlim oʻzgarishi hozirgi vaziyatga sezilarli darajada taʼsir oʻtkazdi. BMT Bosh Assambleyasining 72- va 75-sessiyalarida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orol dengizi inqirozini birgalikdagi saʼy-harakatlar samarasida bartaraf etish mumkinligini qayd etdi».
Maqolada Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida ushbu bu yoʻnalishda yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik, xususan, oʻtgan yilning yanvar oyida Markaziy Osiyoning barcha besh mamlakati va Afgʻoniston ishtirokida qabul qilingan “Yashil Markaziy Osiyo” dasturiga alohida eʼtibor qaratilgan.
“Orol dengizining qurigan tubida saksovul va choʻlning issiq hamda quruq havosiga chidamli oʻsimliklar maydonlarini yaratish ishlari davom etmoqda. Yaqinda 1,7 million gektarga yaqin ekin maydonlari oʻzlashtirildi”, - deya qayd etadi nashr.
Maqola soʻngida Orol dengizi va uning aholisiga yangi - dengizsiz hayotni taʼminlash, shuningdek, yangi tushuncha va gʻoyalar, ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar kirib borgan jamiyat barpo etilayotgani alohida taʼkidlanadi.
Nashr BMT bosh kotibi yordamchisi va BMTTD maʼmuriyatining maxsus maslahatchisi Abdulay Mar Diyening “Birgalikda mintaqani Kremniy vodiysi va Las-Vegas mintaqasiga aylantiraylik”, degan soʻzlarini keltiradi. “Baʼzi loyihalar allaqachon boshlangan, boshqalari esa amalga oshirilishi kerak, - deb yozadi «Islamische Zeitung” oʻz xulosasida. - Bu mintaqa Markaziy Osiyoda xalqaro texnologiyalar va innovatsiyalar markaziga aylanishi shart».