Suhbat davomida Orolboʻyi mintaqasida turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish borasidagi hamkorlik, shuningdek, Orolboʻyi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik Trast jamgʻarmasi doirasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Xususan, tomonlar BMT Bosh Assambleyasining “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi qarorini bajarish maqsadida qabul qilingan Orolboʻyi mintaqasining ekologik muvozanati va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash boʻyicha koʻp tomonlama “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish jarayonini koʻrib chiqdilar. Hujjatda 14 ta ustuvor yoʻnalish va 230 ta loyihaviy takliflar mavjud boʻlib, ularning umumiy qiymati 210 million dollarni tashkil etadi.
Tomonlar mintaqaga investitsiyalarni yanada jalb etishning muhimligi va Trast jamgʻarmasi faoliyatini kengaytirish istiqbollarini muhokama etdilar. Bugungi kunga qadar jamgʻarma strategiyasi doirasida Orolboʻyi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq turli loyihalarni moliyalashtirish uchun 244 million dollarga yaqin mablagʻ jalb etilgan. Bundan tashqari, jamgʻarma tomonidan 5 ta qoʻshma dastur moliyalashtirildi, bu esa oʻz navbatida Qoraqalpogʻistonning 48 ming aholisining hayot sifati yaxshilanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Tomonlar Jamgʻarmaning 2024-2030-yillarga moʻljallangan faoliyatining keyingi bosqichini amalga oshirishga sodiqligini bildirdilar. Shu munosabat bilan Jamgʻarmaning yangi strategiyasi ishlab chiqiladi va donorlarni jalb etish boʻyicha ishlar jadallashtiriladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan yoʻnalishlar doirasida oʻzaro hamkorlik qilish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni kelishib oldilar va ustuvor masalalarni tezkor hal etish maqsadida birgalikda ish olib borish yuzasidan yakdil fikr bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.