Unda qoʻmita aʼzolari, qoʻmita huzurida tashkil etilgan ekspertlar Kengashi aʼzolari, koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirok etdi.
Majlisda Senatning yigirmanchi birinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar, shu jumladan, “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni, “Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qoʻmita aʼzolari “Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga alohida toʻxtalib, uni qabul qilish gidrometeorologiya faoliyati hamda gidrometeorologik kuzatuvlar oʻtkazish va maʼlumotlarga ishlov berishning ilmiy uslublarini yanada takomillashtirish, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlarni, aholini gidrometeorologik maʼlumotlar bilan taʼminlash tizimini rivojlantirish, gidrometeorologiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qilishini alohida qayd etishdi.
Shu bilan birgalikda, “Oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni haqida soʻz yuritildi.
Jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksga oʻsimliklar karantini obyektlariga va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya talablari (choralarini) hamda karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirish va olib chiqish qoidalarini buzish kabi huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilash boʻyicha kiritilayotgan normalar oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimini takomillashtirilishiga xizmat qiladi.
Qoʻmita yigʻilishida koʻrib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Axborot xizmati.