Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatalari, mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning oʻn ikkinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar, shu jumladan, “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020-yildagi ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Davlat dasturi ijrosini taʼminlashda makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning bardavom rivojlanishini taʼminlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsiya muhitini yaratish hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish darajasini oshirish, eng asosiysi pandemiya sharoitida aholi sogʻligʻini himoya qilish, xalqimizning kam taʼminlangan qatlamini ijtimoiy muhofazasini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Davlat dasturi doirasida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun 3 trln. soʻm, ajratilib, 4 ming 866 km ichimlik suv tarmoqlari qurilishi va rekonstruksiya qilingan va 1 mln. 200 ming nafar aholiga ichimlik suvi yetkazib berilgan. Natijada aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 73 foizga yetgan.

Shuningdek, dasturda Orol fojiasining salbiy oqibatlarini yumshatishga alohida eʼtibor qaratilib, 2019-yil kuz-qish va 2020-yil bahor mavsumlarida dengizning qurigan tubida 743 ming ga maydonda “yashil qoplamalar” hamda 3,0 ming gektar maydonda choʻl oʻsimliklaridan yaylovzor barpo etilgan.

Bundan tashqari, Orolboʻyi hududini rivojlantirish hamda investitsiya dasturlari doirasida suv taʼminoti va oqava suv obyektlari qurilishi boʻyicha 103,1 mlrd. soʻmlik 222,3 km ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va taʼmirlash ishlari bajarilib, 95,7 mlrd. soʻm moliyalashtirilgan.

Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi “2020-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga jami 2 ming 788 ta loyiha kiritilgan.

2020-yil dekabr holatiga 1 ming 207 ta (5 trln. 878,8 mlrd. soʻm) loyiha moliyalashtirilib, 705 tasi (4 trln. 492 mlrd. soʻm) ishga tushirilgan hamda 4 ming 411 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

Shuningdek, majlisda Dasturda belgilangan vazifalarning hududlar kesimida oʻz vaqtida va sifatli bajarilganligi boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazish lozimligini qayd etildi.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati