Orolbuyi mintaqasining ekologik tizimini tiklash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar Londonda eʼtirof etildi

    Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti huzuridagi Sayg‘oqni muhofaza qilish alyansi (Saiga Conservation Alliance - SCA) tomonidan «Markaziy osiyo dashtlarida yovvoyi tabiatni saqlash» mavzusida konferensiya o‘tkazildi.

    Tadbirda O‘zbekiston elchixonasi xodimlari, Oksford universitetining professor-o‘qituvchilari, SCAning xalqaro ekspertlari va xalqaro ekologik tashkilotlar vakillari qatnashdilar.

    Konferensiya doirasida Sayg‘oq Ustyurt faunasining asosiy namunasi sifatida tekislik ekotizimlarining balansini saqlashdagi o‘rni, Orolbuyi mintaqasining ekologik tizimini tiklash yuzasidan olib borilayotgan ishlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda Markaziy Osiyo va O‘zbekistonda amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar haqidagi maʼruzalar tinglandi.

    O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasi xodimlari o‘z maʼruzalarida mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shu jumladan konstitutsiyaning yangi loyihasida ekologik huquqlarini taʼminlashga qaratilgan alohida eʼtibor, Orolbuyi mintaqasining ekologik tizimini tiklash yuzasidan choralar ko‘rilishi belgilanayotganligi xorijiy tomonga yetkazildi.

    SCA rahbariyati O‘zbekiston tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Britaniya tomoni O‘zbekiston bilan Sayg‘oqni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan samarali aloqalarni taʼkidlab, ushbu yo‘nalishda hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladi.