“Ortimda Prezidentimiz bor”

    Tadbirkorga kam ta'minlangan 100 nafar ayol uchun subsidiya ajratildi. Mohidil ularni ishga olib, tikuvchilik sexini kengaytirdi.

    Ishning ko'zini biladigan, g'ayratli, ishbilarmon odam nafaqat o'zi va oilasi, balki mamlakat iqtisodiyotiga naf keltiradi. Keyingi yillarda islohotlarimiz tayanchiga aylanib borayotgan tadbirkorlik sohasi yurtimizda jadal rivojlanmoqda. Har yili yaratilayotgan ish o'rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to'g'ri kelayotgan, sohada mehnat qilayotgan 5 milliondan ziyod aholi orasida ayollar ulushining ham yuqoriligi, ayniqsa, quvonarlidir.

    Bugun respublikaning har burchagida ro'zg'or yumushlari, farzand tarbiyasidan ortib, jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, o'z biznesini yo'lga qo'yib, odamlarni ish bilan ta'minlayotgan minglab tadbirkor xotin-qizlarni uchratish mumkin. Ularning aksariyati ishni eng boshidan, ming mashaqqatlar bilan boshlab, barcha qiyinchiliklarga qaramay, oyoqda dadil turib olgan ayollardir. Ana shunday faol xotin-qizlarning bir guruhi Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik shodiyonalari arafasida o'tkazilgan “Ishbilarmon ayol — 2021” ko'rik-tanlovi g'oliblari safidan joy oldi.

    Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Savdo-sanoat palatasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamkorligida 2016-yildan buyon o'tkazib kelinayotgan ko'rik-tanlovning bu yilgi tuman, shahar va viloyat bosqichlarida 2 ming nafardan ziyod tadbirkor, ishbilarmon va fermer ayol o'zlari ishlab chiqargan mahsulotlar bilan ishtirok etdi. Viloyat bosqichida g'oliblikni qo'lga kiritgan 14 nafar qatnashchi respublika bosqichiga yetib keldi.

    Namanganlik Mohidil Isoqova bir necha yo'nalishda tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'ygan. 29 yoshli ayol rahbarlik qilayotgan “Mahbubaxon ona” ko'p tarmoqli fermer xo'jaligi, “Asmus Gold” va “Asmus Tanho” ishlab chiqarish kooperativlari, “Musoxon Asaloy kelajagi” MCHJda jami 200 ga yaqin xotin-qiz ish bilan ta'minlangan. Bu ayollarning aksariyati kam ta'minlangan, “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ro'yxatiga kiritilgan edi. Mohidil ularga ish berib, ro'zg'orini tebratishida ko'maklashib kelyapti.

    Qahramonimiz qiynalgan ayollarning dardini yaxshi tushunadi. O'zi ham yolg'iz ayol boshiga tinimsiz harakati, mehnati bilan qisqa vaqtda shu darajaga yetdi. “Ishbilarmon ayol — 2021” ko'rik-tanlovida 1-o'rin sohibasiga aylangan Mohidil ilk ish boshlagan vaqtlarini yodga oldi.

    — Otam uzoq yillar fermer xo'jaligi rahbari bo'lgan, — deydi u. — Yolg'iz farzand bo'lsam-da, hech qachon ortiqcha pul sarflamasdim. Otam hamisha hisob-kitob bilan pul berib, shu tarzda qabul qilib olardi. Nazarimda, meni oson pul topishga o'rganishimni istamasdi. Shu bois, pulning ham, mehnatning ham qadriga etib ulg'aydim. 2016-yilda turmushim bilan bog'liq og'ir damlar sabab ruhiy tushkunlikka tushib qolganimda, ish bilan chalg'ish maqsadida chok mashina olib, bolalar kiyimlarini tika boshladim. Avvallari tikuvchilik bilan sira shug'ullanmaganim bois, barini eng boshidan boshladim. O'zim tikkan kiyimlarni bozorga olib chiqib sotdim. Xaridorlarga ma'qul kelib, buyurtmalar ko'paydi. Bu orada otam fermer xo'jaligidagi barcha ishlarni menga topshirdi.

    Mohidil 2018-yilda tadbirkorlik faoliyatiga chuqurroq kirishdi. “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida 7 foizli kredit olib, xonadonidagi 2 ta chok mashinani 10 taga yetkazdi. Buyurtmalari ko'paygach, tuman hokimligi tomonidan unga o'zi istiqomat qiladigan mahalla fuqarolar yig'ini binosidan foydalanish uchun ijaraga xona berildi. Qahramonimiz bankdan 225 million so'm kredit olib, tikuvchilik uchun zarur barcha asbob-uskunalar bilan jihozlab, 50 ta yangi ish o'rni yaratdi.

    Shu tarzda Mohidilning ishlari oldinga siljib bordi. Prezidentimizning joriy yil fevral oyida Namanganga tashrifi chog'ida: “Har bir qishloqning chekkasidagi “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan yoshlar hamda xotin-qizlarning hech biri e'tibordan chetda qolmasligi, ularga “mahallabay” tizim asosida yordam berishimiz kerak”, degan so'zlarini tinglab, kichik tadbirkor sifatida mas'uliyat his etdi va ularni ish bilan ta'minlashga ahd qildi. Tadbirkorga kam ta'minlangan 100 nafar ayol uchun subsidiya ajratildi. Mohidil ularni ishga olib, tikuvchilik tsexini kengaytirdi.

    Korxonada asosan trikotaj mahsulotlari, maxsus kiyimlar tikiladi. Tayyor mahsulotlar ichki bozordan tashqari Rossiya va Qirg'izistonga eksport qilinyapti. Sexda kam ta'minlangan ayollarga tikuvchilik, pazandalik va ayollar sartaroshi yo'nalishlarida kasb o'rgatishga mo'ljallangan o'quv markazi ham tashkil etilgan.

    Mohidil yosh bo'lishiga qaramay, 11 gektar maydonga ega ko'p tarmoqli fermer xo'jaligini ham o'zi boshqarib kelyapti. Ayol har qancha band, doim mehnat ichida bo'lmasin, ishidan zavq oladi, muhtojlarga ko'mak berishga intiladi. Xo'jaligidagi mevazorlar orasidagi bo'sh yerlarni har yili kam ta'minlangan oilalarga mosh, loviya kabi dukkakli mahsulotlar ekib, daromad olishlari uchun ajratib beradi.

    — Men ota-onamning duosi, qolaversa, tinimsiz mehnatim va sabr-toqatim bilan shu kunlarga etib keldim, — deydi yosh tadbirkor. — Mehnatsiz hech narsaga erishib bo'lmaydi. Ba'zan yutuqlarimni ko'rib, atrofdagilar “buning orqasida odami bor-da”, degan fikrlarni aytadi. Men ularga javoban “ha, ortimda Prezidentimiz bor”, deyman. Haqiqatan, davlatimiz rahbarining tadbirkorlarga bildiradigan ishonchi, yaratilayotgan sharoitlar menga katta kuch, motivatsiya beradi.

    Mohidil Isoqovaning kelgusi rejalari bisyor. Ayni paytda Namangan muhandislik-texnologiya instituti iqtisodiyot yo'nalishining 2-bosqichida tahsil olayotgan qahramonimiz kelgusida 100 o'rinli bog'cha hamda davlat-xususiy sheriklik asosida boshlang'ich sinflar uchun chet tili, IT sohalarga ixtisoslashgan 200 o'rinli maktab ochishni, ularda kam ta'minlangan, nogironligi bor oilalarning farzandlari uchun imtiyozli o'rinlar ajratishni maqsad qilgan.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri