Shu sababli bu yil shamollash belgilari bilan tibbiyot muassasalariga murojaat qiluvchilar soni sezilarli darajada ko‘paygan. Ayniqsa, bolalar o‘rtasida. Xo‘sh, bunday vaziyatda ota-onalar qanday yo‘l tutishlari kerak?

Tibbiyot fanlari doktori Kamola Salixova bu boradagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi:

— Tana harorati ko‘tarilishi, aksirish, burun bitishi va oqishi O‘RVIning ilk belgilaridir, — deydi shifokor. — Bu holat odatda ikki kun davom etadi. Uchinchi kundan ovoz bo‘g‘ilishi, yo‘tal, mushaklar va bo‘g‘imlarda og‘riqlar paydo bo‘lishi mumkin.

Ushbu kasallik paytida ishtaha pasayadi, harorat oshganda esa qayt qilish kuzatilishi ehtimoli bor. Uyda shunday bemor bolalar bo‘lsa, ularni alohida xonaga yotqizish kerak. Xonani tez-tez shamollatib turish lozim.

Bolaga oz-ozdan, tez-tez suyuqlik ichirish tavsiya etiladi. Oddiy qaynagan suv yoki uyda tayyorlangan meva sharbatlari tomoqdagi yo‘tal va  og‘riqni yumshatib, tanadan viruslarning tezroq chiqib ketishini ta’minlaydi. Burun va tomoqni tuzli suv bilan chayish ham juda zarur muolaja usulidir.

Lekin ba'zi ota-onalar farzandlarida O‘RVIning ilk belgilari, masalan, burun oqishi, yengil yo‘tal, harorat ko‘tarilishi kuzatilsa, zudlik bilan “Tez yordam”ga murojaat qilishadi.

Vaholanki, o‘g‘il-qizlarda yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi kuzatilsa, uy sharoitida ham davolansa bo‘ladi. Biroq bu holatga “o‘tib ketar” qabilida befarq munosabatda bo‘lmaslik ham kerak.

Bola tana harorati 38,5 darajan oshsa, ovqat yemay qo‘ysa, kuchli hansirash kuzatilsa, nafas qisishi alomatlari paydo bo‘lsa, tinmay yoki ko‘p uxlasa, darhol “Tez yordam”ga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Bemor bolaning qisqa muddatda sog‘ayishi uchun ularni sog‘lom ovqatlantirish kerak. Masalan, olti oygacha bo‘lgan chaqaloqlar parvarishida ona suti juda muhim. Shu sababli bunday bolalarni istisnosiz tez-tez va ko‘proq emizish zarur. Olti oydan oshgan go‘daklarni ko‘krak suti bilan birga, odatdagidek, qo‘shimcha ovqatlar ham bersa bo‘ladi.

Kichkintoylarga yoshiga mos, avval ham yeb o‘rgangan hamda o‘zi sevib iste'mol qiladigan, yumshoq pishirilgan, ishtaha ochuvchi taomlar berilishi maqsadga muvofiq.

Bolani kasal paytida tez-tez, kam-kam taomlantirish kerak. Sog‘aygach esa unga odatdagidan ham ko‘proq ovqat berishni taklif etamiz. Bu farzandlarimizning quvvatini tiklashi uchun muhim.

Mutaxassis bilan suhbatni Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bolrdi.