OʻRVI: Bolalarda kasallik nega qaytalaydi?

    Salomatlik 5 Dekabr 2021 3641

    Mana, sovuq kunlar boshlandi. Mavsumiy kasalliklar yanada avj oladigan palla hozir. Ayniqsa, bolalar oʻrtasida bunday xastaliklarga chalinish holatlari koʻp bu yil.

    Shunday ekan, ehtiyotkorlik — muhim shart. Qolaversa, bemor bolalar muolajasi, parvarishi ham oʻta masʼuliyatli jarayon hisoblanadi. Xoʻsh, bunday vaziyatda shifokorlar tavsiyalari qanday?

    — Oʻtkir respirator kasalliklarni chaqiruvchi viruslarning 200 dan ziyod turi aniqlangan, — deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti kafedra mudiri Nigora Aliyeva. — Shulardan adenovirus, gripp A bolalar orasida, ayniqsa koʻp uchrayapti.

    Bularning alomatlari ham turlicha kechmoqda. Bir toifa bolalarda shunchaki tumov, boshqalarda pastki nafas yoʻllari yalligʻlanishi, yana baʼzilarda yoʻtal, harorat koʻtarilishi kabi belgilar kuzatilyapti.

    Bunday xastaliklar immuniteti past oʻgʻil-qizlarda ogʻir asoratlar qoldirish xavfi ham mavjud. Masalan, virus yuqori nafas yoʻllari orqali yuqib, bronxit kasalligiga olib kelishi mumkin.

    Buyrak, yurak faoliyatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoli bor. Eng yomoni, virusli infeksiyalardan soʻng meningit va meningoensefalit kasalliklari shakllanishi va rivojlanishi mumkin.

    Mamlakatimizda OʻRVI 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda koʻp uchramoqda. Ular orasida chaqaloqlar ham kam emas. Mutaxassisdan buning sababi haqida soʻradik.

    — Hammasi, avvalo, sogʻlom turmush tarzi bilan bogʻliq, — deydi shifokor. — Bola toʻgʻri ovqatlanishi, oʻz vaqtida uxlashi, jismoniy chiniqishi lozim. Shundagina immunitet mustahkamlanadi.

    Masalan, 1 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻzlari mustaqil ravishda jismoniy mashqlarni bajara olmaydi. Demak, ota-onalari, tarbiyalovchilari ularni chiniqtirishi zarur. Turli uqalash muolajalari, yaʼni massaj ham bu jarayonda juda foydali. Bolaning tanasida qon aylanish tizimi faoliyatini yaxshilaydi.

    Aslida, kichik yoshdagi oʻgʻil-qizlarning yiliga 3-4-marta bunday virusli kasalliklar bilan ogʻrishi normal holat. Ammo kasallikka chalinish soni emas, tuzalish muddatiga eʼtibor qaratish kerak. Xastalikdan soʻng asoratlar qolmasligi asosiy natija.

    Nigora Aliyevaning aytishicha, bemor bolalar muolajasi davomli parvarishni talab qiladi. Lekin baʼzi ota-onalar farzandi shifoxonadan chiqishi bilan uni bogʻchaga, maktabga joʻnatishadi. Aholi gavjum joylarga, mehmonga olib borishadi. Vaholanki, bunday paytda hali organizm toʻliq tiklanib, avvalgiday quvvatga qaytmagan boʻladi.

    Oqibatda hali toʻliq quvvatga kirib ulgurmagan bola tashqi muhitda yangi virusga duch kelib, qaytadan kasallanib qolishi mumkin. Shunday ekan, oʻgʻil-qizlarning xastalikni yengil darajada oʻtkazishida ota-onalari, yaqinlari koʻmagi nihoyatda zarur. Bunday paytda yanada eʼtiborli boʻlish talab etiladi.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.