Ayniqsa, tabrikdagi “Shu maʼnoda, muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq, el-yurt himoyasi yoʻlida metin qalqon boʻlgan mard va jasur harbiylarimiz Oʻzbekistonning chinakam vatanparvar bahodirlari, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Xalqimiz oʻzining sizlar kabi botir va dovyurak farzandlari — Vatanimizning haqiqiy posbonlari bilan haqli ravishda faxrlanadi” degan jumlalar sharafli sohaga kirib kelayotgan har qanday yoshga umid va kuch bagʻishlaydi.
1993-yilning 29-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qarori bilan 14-yanvar “Vatan himoyachilari kuni” deb belgilandi. Bu kun nafaqat harbiy xizmatchilarning, balki armiya saflarida oʻz burchini oʻtab qaytgan vatandoshlarimiz va kelajakda xizmatga boradigan ming-minglab navqiron yigitlarning bayrami, deb qabul qilingan. Zero, ona xalqimiz har doim oʻzining mard, jasur yigitlari bilan faxrlanib kelgan. Shu bois oʻgʻlonlarimiz ham oʻzi yashayotgan yurt tuprogʻini muqaddas bilib, Vatan himoyasi uchun doimo shay turishni er yigitlik burchi hisoblaydi. Shuningdek, bu qutlugʻ bayramning nishonlanishi xalqimizning oʻz milliy armiyasiga nisbatan cheksiz hurmatini, alp yigitlariga boʻlgan ishonchini amalda ifodalaydi. Bunday yuksak ishonchni oqlash uchun bugun mard oʻgʻlonlarimiz ham buyuk sarkardalarimiz tajribalari, ularning jangovarlik mahoratlarini puxta oʻrganishmoqda. Ulugʻ ajdodlarimizning maʼnaviy olami xususida fikr yuritganda, butun dunyoga maʼlum va mashhur boʻlgan Sohibqiron Amir Temur haqida alohida toʻxtalish joiz. Yoshligidan tadbirkor, ishning koʻzini biladigan Amir Temur boshqaruvning nozik sirlarini puxta oʻzlashtirgan. Unda davlatni boshqarish, harbiy ishlarga boʻlgan qiziqish yoshligidan uygʻongan.
Ulamolar imtihonidan oʻtib, quvvai xofizasi bilan ularni hayratda qoldirgan Temurbek 16-17 yoshida qilichbozlik, nayzabozlik va shikor (ov) qilish sanʼatini mohirona egallab, 20 yoshida abjir chavandoz boʻlib yetishadi. Oʻz tengqurlarini guruhlarga boʻlib, jang mashqlarini oʻtkaza boshlaydi.
Buyuk lashkarboshi mamlakat obodonchiligini yuksaltirish, aholining iqtisodiy turmush tarzini yaxshilash va moʻl-koʻlligini taʼminlashga ham oʻzining ulkan hissasini qoʻshgan. Bunga ulugʻ Amir saltanat ishlaridagi toʻrt narsaga — kengash, mashvaratu maslahat, mustahkam qaror, tadbirkorlik va hushyorlik, ehtiyotkorlikka amal qilganligi tufayli erishgan.
Bugungi kunda buyuk va qudratli ajdomizning oʻziga xos, betakror harbiy tajribasi jahon xalqlari harbiy sanʼati merosidan ham munosib oʻrin oldi va hozirgi kunning yangi mazmuni bilan boyib bormoqda. Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari xodimlari esa bobomizning “Millatning dardiga darmon boʻlmoq — chin vazifangizdur” degan ezgu daʼvatini oʻziga shior qilib olgan. Bu bejiz emas.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “xalqimizning harbiy sohadagi boy merosiga tayanib, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda bobolarimizning jangovar anʼanalarini munosib davom ettirib kelayotgan, jismoniy va maʼnaviy yetuk, zamonaviy bilim, qurol-yarogʻ va texnikalarni puxta egallagan, davlat va xalq manfaatlari uchun har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib oʻtishga tayyor boʻlgan harbiylarimiz doimo faol ishtirok etib kelayotganlari har qanday yuksak eʼtirofga munosibdir”.
Bugun koʻplab ota-onalar farzandining Temurbeklar maktabida tahsil olishi, harbiy boʻlib, Vataniga sidqidildan xizmat qilishni istaydi. Bu yangilanayotgan va farovon Oʻzbekistonga muhabbat, uning tanti xalqiga sadoqatdan dalolatdir. Zero, harbiylar qalbida xalqqa, yurtga muhabbat tuygʻusi qanchalik joʻshqin boʻlsa, xalq ham ularga shunchalik yaqin boʻladi. Ayniqsa, yon-atrofimizda notinchlik hukm surib turgan shu tahlikali kunlarda odamlarimiz barcha orzu-umidlari, ertasini milliy armiyamiz va uning istiqboli bilan bogʻlaydi.
Shunday ekan, milliy armiyamiz — bizning faxrimiz va gʻururimizdir. Uning qudratini namoyon etib turgan mard va jasur oʻgʻlonlarimiz kecha-yu kunduz sergak turib, davlatimiz sarhadlarini qoʻriqlayotgani, xalqimiz farovonligi yoʻlida jonlarini-da berishga tayyor turganini barchamiz yurakdan his qilishimiz kerak.
Dilshodbek Oʻktamov,
Jamoat Xavfsizligi Universiteti 4-kurs talabasi