Tadbirda Andijon viloyati hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi delegatsiyasi, Oʻsh shahar hokimi Jenishbek Toktorbayev, Qirgʻiz Respublikasi prezidentining Oʻsh viloyatidagi vakolatli vakili Amankan Kenjabayev, Qirgʻiz Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri oʻrinbosari Askarali Madaminov hamda shahar aholisi ishtirok etdi.
Marosimda soʻz olganlar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlat rahbarlarining izchil siyosati natijasida qardosh xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, qoʻshnichilik va hamkorlik aloqalari yangi bosqichga koʻtarilayotganini alohida taʼkidladilar.
Alisher Navoiy haykali Oʻsh shahridagi Qurmandjan Datka va Navoiy koʻchalari kesishgan hududga oʻrnatildi. Ayni paytda mazkur hududda Alisher Navoiy nomidagi dam olish va istirohat bogʻi, maktab hamda maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat yuritib kelmoqda.
Shuningdek, tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, Oʻsh shahri meri, Andijon viloyati hokimligi vakillari ishtirokida oʻzaro manfaatli muzokaralar oʻtkazildi. Unda turizm, madaniyat, adabiyot va sanʼat sohalaridagi hamkorlikni 2026-yilda yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar oʻrtasida qator kelishuvlar imzolandi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, Qirgʻiz Respublikasining Oʻsh shahri meri Jenishbek Shermamatovich Toktorbayev “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.








