Poytaxt hokimi mehmonlarni qarshi olib, mamlakatlarimiz oʻrtasida tarixan shakllangan yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini UJKX, taʼlim, AKT, turizm, sanʼat va madaniyat sohalarida tizimli hamkorlikni oʻrnatish hamda qoʻshma musiqa, kino va teatr festivallarini oʻtkazish orqali doimiy rivojlantirish va mustahkamlab borish zarurligini taʼkidladi.
A. Mambetov, qabul va mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi. Toshkentga koʻp kelishini, har tashrifi chogʻida oʻzi uchun qandaydir yangilik kashf etishini, shu sababli, shahrimiz xizmatlarining ijobiy tajribasini oʻrganish uchun Oʻshdan katta jamoa boʻlib kelishganligini maʼlum qildi. Toshkent hokimi J.Ortiqxoʻjayevning tashabbusini qoʻllab-quvvatladi, mamlakatlararo tovar aylanmasi oʻsayotganiga, oʻzbek avtobuslari va maxsus texnikalari Qirgʻizistonga jadal import qilinayotganiga, shuningdek, oʻzaro madaniy-gumanitar rivojlanishni maqsad qilgan, 200 million dollarlik ustav fondiga ega oʻzbek-qirgʻiz jamgʻarmasining samarali faoliyatiga urgʻu berdi. Joriy yilning sentyabr oyida Oʻshda Bobur nomidagi teatr rekonstruksiyasi yakunlanishi kutilayotganini aytib, Toshkent delegatsiyasini uning ochilishiga taklif qildi. A.Mambetov hozirgi kunda Oʻshda 100 ga yaqin yangi koʻp qavatli uylar qurilayotganini maʼlum qildi va Toshkent Texnoparkida ishlab chiqarilayotgan lift uskunalarini xarid qilishga va, ehtimol, keyinchalik qoʻshma ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirdi.
J. Ortiqxoʻjayev Toshkentga nisbatan qiziqish uchun minnatdorlik bildirdi, oʻzaro hamkorlikka hamda yaqin qoʻshnilarimizning gʻoya va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qildi. Uchrashuv yakunida delegatsiya aʼzolari Raqamli rivojlanish departamentining Vaziyatlar markazi imkoniyatlari va boshqa mahsulotlari bilan tanishdilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.