Masalan, ziyofatlar, toʻy-maʼrakalarda nafs jilovini erkin qoʻyib yuborish oshqozonni abgor qiladi. Odam organizmida yangi-yangi kasalliklarning paydo boʻlishiga olib keladi.
“Oʻzbekiston” NMIUda ishlab yurgan kezlarimda, yaʼni 2015-yilda “Sogʻlom ovqatlanish – salomatlik mezoni” nomli salmoqli kitobni chop etganmiz. Sogʻlom kishilar va aholi oʻrtasida keng tarqalgan koʻplab kasalliklarda parhez ovqatlanishning ijobiy va samarali usullaridan kengroq foydalanish hamda targʻib qilish aks ettirilgan bu kitobning asosiy tashabbuskori va gʻoya muallifi oʻsha paytdagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev boʻlgan va bevosita uning rahbarligida chop etilgan. Kitob 10 bobdan iborat boʻlib, “Oʻzbekistonda yetishtiriladigan hamda isteʼmol qilinadigan va taomlar tayyorlashda foydalaniladigan mahsulotlarning tarkibiy qismlari”, “Oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiy qismlarining biologik ahamiyati”, “Turli aholi guruhlarining sogʻlom ovqatlanish tamoyillari”, “Turli kasalliklarni davolashda parhez ovqatlardan foydalanish”, “Oziq-ovqat sifati, xavfsizligi hamda ularni taʼminlash” va “Parhez taomlarni tayyorlash namunalari” deb nomlangan boblarda toʻgʻri ovqatlanish haqida juda muhim va hayotiy tibbiy koʻrsatmalar hamda saboqlar ilmiy jihatdan keng qamrab olingan. Akademik Shavkat Karimovning umumiy tahriri ostida nashr etilgan ushbu kitob hukumat rahbarining koʻrsatmasi bilan respublikaning barcha shahar va tumanlariga yetkazib berildi. Eng muhimi, bir necha bor qayta-qayta chop etildi va juda katta ijobiy natija berdi.
Keyin bu dolzarb mavzu davom etdi. Mazkur kitobning davomi sifatida Toshkent davlat tibbiyot universiteti professori, mashhur parhezshunos olima Guli Shayxovaning “Ovqatlanish saboqlari” nomli kitobi chop etildi. Bu kitobdan ham inson organizmining oʻsishi, rivojlanishi, hayot kechirish va kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatini oshiruvchi, sogʻlom turmush tarzining eng asosiy omillaridan biri – sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanish hamda unga boʻlgan gigiyenik talablar, mutaxassisning ilmiy asoslangan koʻrsatmalari oʻrin olgan.
Muallif sohasining yirik va bilimdon olimi sifatida ibratli va hayotiy misollar orqali oʻquvchiga bebaho tavsiya va saboqlar bergan. U bunday yozadi: “...Ibn Sino bir qator ichki kasalliklar, yurak-qon tomir, jigar, buyrak va teri kasalliklaridan xalos boʻlishda, birinchi oʻrinda, parhezga alohida eʼtibor berish kerakligini uqtiradi. Tuxum oqini sut bilan birga, baliqni sut yo tuxum bilan isteʼmol qilmaslik haqida ogohlantirgan. Shuningdek, u teri kasalliklari va ziqqinafasni davolashda yogʻli goʻsht hamda sabzavotlarni bir-biri bilan aralashtirmay yeyishni, taomnomada dukkaklilar va yongʻoqni kamaytirishni buyurgan”.
Biz nonni koʻp isteʼmol qilamiz. Deyarli hamma ovqatni non bilan yeyishga odatlanganmiz. Lekin mazkur kitobda nonni qaysi taomlar bilan qancha miqdorda yeyish kerakligi ilmiy misollar orqali koʻrsatilgan: “Goʻshtli, quyuq taom non bilan yeyilmaydi... Nonni nonushta va tushlik paytida suyuq taomlar bilan birga bemalol isteʼmol qiling. Ayniqsa, qora undan yopilgan non organizm uchun juda katta foyda beradi”. Shuningdek, muallif yozadi: “Axir taomlar aralashib ketsa, bundan organizm hech qachon foyda koʻrmaydi, faqat oshqozonning zoʻriqqani qoladi... Ovqatni shirin choy bilan yeb boʻlmaydi, ovqat ortidan shirinliklar yeyish ham xuddi shunday natija beradi. Yegan luqmangiz xazm boʻlmaydi. Oqsilga boy goʻshtli taomlar faqat sabzavotli, koʻkatli ovqatlarga mos keladi...”
Kitobda biz isteʼmol qiladigan barcha mahsulot haqida aniq maʼlumotlar berilgan va ular ilmiy asoslangan jadvallarda koʻrsatilgan.
Har ikki kitob ham toʻgʻri va sogʻlom ovqatlanish uchun ibratli misollar va zarur hayotiy fikr-mulohazalarga juda boy. Gippokrat aytganidek: “Isteʼmol qilayotgan taomingiz dori vositalari vazifasini oʻtasin, dori vositalari esa, oziq-ovqat mahsulotlaridan boʻlsin”.
Shu oʻrinda jiddiy bir savol tugʻiladi: biz mutaxassislarning bunday aniq va toʻgʻri koʻrsatmalariga qanchalar amal qilyapmiz? Albatta, amal qilayotganlar bor. Lekin ularni koʻp deb aytolmaymiz. Koʻpchilik “Koʻrdingmi osh — koʻtarma bosh” degan maqolga hamon toʻla-toʻkis amal qiladi. Garchi maqol eski boʻlsa-da, har bir zamonda yangrayveradi, ishtahaga turtki beraveradi. Ishtaha esa nafsning laganbardori.
Palovni yaxshi koʻrish, ishtaha bilan yeyish odati koʻproq oʻzbeklarga xos. Faqat osh uchun maxsus restoranlar, kafelar, choyxonalar bunyod etilgan. Biror-bir mahalla yoʻqki, choyxonasi boʻlmasa. Shularga tayanib aytish mumkinki, oʻzbeklarning sevgan taomi, shubhasiz, osh! Masalan, ertalab oshga boriladi. Tushlikda ham bir tanish oshga taklif qilgan. Kechqurun uyga kelsangiz, osh damlangan. Shu oʻrinda yana bir xalq maqoli yordamga kelib, ishtahani ochadi: “Oʻldirsa ham osh oʻldirsin!” Albatta, hali oshdan boʻkib hayotdan koʻz yumgan biror kimsa haqida eshitmaganmiz. Aksincha, maza qilib osh yeganimizni maqtanib yuramiz.
Bir safar shifoxonada Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev bilan bir paytda davolandik. Suhbatlarimizdan birida u afsuslanib bunday degan edi: “Fargʻonadan Toshkentga kelganimga salkam qirq yil boʻlyapti. Shu davrda elga oʻn olti marta osh beribman. Shundan koʻra yarmiga osh berib, tejagan mablagʻimga dunyoni aylansam boʻlar ekan”. Ustoz biroz jim qolib, yana mavzuni davom ettirdi: “Hozir ham uchta davrada «gap” yeyman. Albatta, asosan osh boʻladi. Kundalik oshlarga ham borib turaman. Shifoxonada doktorlar parhez qiling, deydi. Parhez qilgan odam oʻzbekchilikdan chiqib qoladi-ku»
Aziz gazetxon! Meni maʼzur tuting, shu oʻrinda xalqimizning osh bilan bogʻliq yana bir dono maqolani eslamaslikning iloji yoʻq:
«Umringdan bir kun qolguncha osh ye,
Pulingdan bir tiyin qolguncha osh ye...»
Xalqimiz juda-juda sevib, maza qilib yeydigan ovqatlar sirasiga xamirli taomlar ham kiradi. Xoʻrandalar mehrini qozonishda xamirli ovqatlar ham oshdan qolishmaydi. Norindan tortib shilpildoqqacha, mantidan tortib somsagacha ishtaha bilan isteʼmol qilinadi. Bir norinxoʻrliklar, shilpildoqxoʻrliklar boʻladiki, odamlar bunday davralarni goʻyo zoʻr kitob oʻqiganday, kino yo spektakl koʻrganday uzoq vaqt eslab, bir-biriga maqtanib, soʻzlab yuradi. Masalan, “Shilpiqdoqning qazisi toyning goʻshtidan boʻlgan ekan” yoki “Norinning goʻshti mazali ot goʻshtidan ekan, shoʻrvasiga gap yoʻq”...
Xamirli ovqatlarni shunchalar yaxshi koʻramizki, baʼzan ularga mehrimiz joʻshib ishtaha ochilib qolsa, tunda yotishdan oldin toʻyib yeb, keyin uxlaymiz. Bunday paytda oshqozon shoʻrlik esga tushmaydi. Jigar, buyrak kabi aʼzolarimizning ozorini eshitmaymiz...
Qishning soʻnggi kunlari Qibray tumani Madaniyat qishlogʻi hududida joylashgan va peshtoqiga oʻqlovday harflar bilan: “Beshbarmoq №1” deb yozilgan, koʻrinishidan goʻyo ishlab chiqarish korxonasini eslatuvchi oshxonaga bordik. Yemakxona xoʻrandalar bilan tirband. Ishlar konveyer usulida tashkil qilingan. Xonaga kirib oʻtirishingiz bilan ofitsiant darhol buyurtma oladi. Koʻp oʻtmay, kemani eslatuvchi yogʻoch laganda qazi-qartasi bilan shilpildoq olib kelinadi. Shilpildoqdan soʻng birpasda “Et – etga, shoʻrva – betga”, deb shilpildoqning shoʻrvasi keltiriladi.
Ikki kishi koʻtarib keladigan yogʻoch lagandagi shilpildoq qisqa vaqtda qoʻlma-qoʻl boʻlib ketadi. Tashqarida – kirish eshigi oldida turib xoʻrandalarni kuzata boshladim: aksariyati semiz, qorin qoʻygan, kelbati polvonlarni eslatadi. Ayollarning ham qomati qopdaygina nozik. Nazarimda, semizlikka moyil insonlar xamirli taomlarni xush koʻradi, shekilli.
Shu oʻrinda hammaga yaxshi ishtahalar tilab, yana bir jiddiy va oʻta muhim fikrni aytishni lozim topdik. Aytaylik, odamning nafsi yuhoga, ishtahasi karnayga aylangan paytda oshqozondagi ahvol qanday ekan?! Oʻpqon ishtahaning azobini oshqozon shoʻrlik tortmayaptimi? Ogʻizdan ketma-ket tushayotgan laxta-laxta xamir oshqozonda “gʻisht”day qavat-qavat boʻlib, kasallik devoriga asos solmayaptimi?
Bu ovqatlar ehtimol yoshlarning oshqozonida tezroq hazm boʻlib ketar. Oʻrta yoshdagilar, keksalarning oshqozoni ogʻir ahvolga tushib, azob chekadi-ku!
Nega bunchalar ovqatga oʻchmiz? Yo faqat ovqat yeyish uchun bu dunyoga kelganmizmi? Nega nafsimiz hakalak otib borayotir? Nahotki, irodamiz nafsni zanjirband qilishga qodir emas..
Professor Mirzakarim Norbekov aytganidek “Nafs – oʻra. U kafanni koʻrganidan soʻng toʻyadi. Ishtaha haddan oshsa, gunohga botiradi, ochkoʻzlikka koʻprik boʻladi”.
Aslida koʻp va ustma-ust ovqat yeyish miya faoliyatini susaytiradi. Ruhiy va aqliy tarbiyaga putur yetkazadi. Oqibatda xotira pasayib ketadi. Bu maʼlumotlarni tibbiyot allaqachon tasdiqlagan.
Ovqatlanishimizda yana bir juda jiddiy muammo bor. Baʼzilar nonushtani yo yengil-yelpi yeydi, yo yemaydi... Peshinda ham oʻzini xafa qilmaydi. Lekin kechki ovqatni zoʻr berib isteʼmol qiladi. Koʻpchilik oʻzbek oilalari eʼtibori va kuchini kechki ovqatga qaratadi. Quyuq va qovurilgan ovqatlarni asosan kechki paytda yeyishga odatlanganmiz. Bunday holatda tuni bilan ichaklar va barcha hazm aʼzolari zoʻriqib ishlashi oqibatida turfa kasalliklar paydo boʻladi. Aslida kechki ovqatga yengil hazm boʻladigan taomlarni tayyorlash maqsadga muvofiq. Shunda oshqozon ham “minnatdor” boʻlib, rahmat aytadi.
Agar qornimiz toʻyib, ovqatimiz ortib qolsa, bunga ham darhol gap topib: “Ol, oxirigacha yeb qoʻygin. Nasibang qolib ketmasin. Axir nasibani Olloh beradi-ku! Ol-ol...”, deb majburlaymiz oʻzimizni yoki sherigimizni.
Shu oʻrinda esga yana maqol keladi: “Yomondan yarim qoshiq...”, deganlar. Ol, yeb qoʻygin!..» Laganda esa salkam oʻn qoshiqdan koʻproq ovqat turibdi. Axir oshqozon somon xaltasi emas-ku!..
Taniqli xalq tabibi Abdulaziz Nuriddin oʻgʻlining hayotiy oʻgitlaridan:
“Salomatlikning boshlangʻich manbai ham oziq-ovqat hisoblanadi. Oshqozon kasalliklarining sabablari notoʻgʻri ovqatlanish tufayli sodir boʻladigan ogʻir dardlar. Nafs – odob, xulq-atvor ilmida ham muhim oʻrin tutadi... Ovqat issiq emas, iliq holda boʻlsin, shuningdek, choyni ham iliq holda ichish lozim. Qaynoq holda isteʼmol qilingan ovqat oshqozonga jiddiy zarar...”
Gapning loʻndasini aytsak: ovqatlanish madaniyatimiz ancha sustlashib ketgan. Toʻgʻrirogʻi, uni yoʻqotib qoʻyganmiz. Bilsak ham amal qilmaymiz.
Uyda ovqat, koʻchaga sayr qilishga chiqamiz-u, maqsad ovqat yeyish boʻladi, gap-gashtaklardagi ovqatlarni aytish ham shart emas. Baʼzan telegramdagi guruhlarda sobiq sinfdoshlar, doʻstlar bir-biriga turli ovqatlarni reklama qilib, uchrashuvlarga taklif qiladi. Niyati — ovqat yeyish. Telegramdagi biror guruhda sinfdoshning oʻz sinfdoshlarini, doʻstlarini yangi kino yo spektaklga taklif qilganini koʻrmadim. Endi kitob oʻqish, kutubxonaga borishga taklif haqida gapirmasa ham boʻladi.
Ushbu mulohazalar bilan ovqat yeyishga mutlaqo qarshi emasmiz. Niyatimiz — meʼyorni bilaylik. Biz uchun oltindan ham qimmat boʻlgan sogʻligʻimizni asraylik. Sogʻliq esa nafsni tiyishdan, oshqozonni asrashdan boshlanadi. Mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz topib aytganlaridek:
Nafs komiga iztirob etma,
Oʻzniyu mulkni xarob etma.
Yaʼni nafs xohishini deb qaygʻu chekib, oʻzingni ham, mulkingni ham xarob etma...
Koʻp yozilayotgani va koʻp aytilayotgani bois, toʻylarimizdagi oʻta isrofgarchiliklar, haddan ziyod ovqatxoʻrliklar haqida batafsil toʻxtalmadik. Buning oʻzi katta va dolzarb mavzu. Hali unga ham qaytarmiz...
Yana bir oʻta jiddiy muammo bor! Nafs oqibatida oshqozonni qiynab, tanamizdagi turli aʼzolarni kasal qilib, oqibatda faqat poytaxtda emas, respublikamizning barcha hududida dorixonalar haddan ziyod koʻpayib ketishiga munosib hissa qoʻshayotirmiz. Sogʻlom turmush tarziga, ovqatlanish madaniyatiga jiddiy eʼtibor bersak, dorixonalar va shifoxonalar soni keskin kamayadi. Nafsini jilovlay olmagan va oshqozonni ayovsiz toʻldirayotgan kimsalar, bilib qoʻying, siz dorixona va shifoxona xizmatchilarini benihoya xursand qilyapsiz.
Eng muhimi, avvalo, nafsning nafsiga qulf urishdir. Jaloliddin Rumiy hazratlari yozganidek:
Kimki oʻz nafsini oʻldirmish tugal,
Unga oftobu bulut ham bosh egar...
Nafsimiz, ayniqsa, goʻshtni, goʻshtli taomlarni koʻrganda haddan oshib ketadi. Biz ishtaha bilan goʻsht yeymiz. Goʻsht asta-sekin bizni yeydi...
Ollohga shukr, mamlakatimiz tinch-osoyishta, oziq-ovqat taqchilligi yoʻq. Bozorlar, supermarketlar va barcha turlardagi doʻkonlarda toʻkin-sochinlik.
Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz toʻrt yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida mazmundor bunday soʻzlar bor:
«Kasalliklarni profilaktika qilish, aholi oʻrtasida sogʻlom hayot tarzini qaror toptirishga katta ahamiyat qaratyapmiz.
Aholining turmush sharoitlari yaxshilanib borayotgani natijasida oʻrtacha umr koʻrish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaydi.
Biz taʼlim-tarbiya uchun, aholi salomatligi uchun, muallim va shifokorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun qancha kuch va qancha mablagʻ kerak boʻlsa, barchasini safarbar etamiz!»
Bu soʻzlar zamirida xalqimiz salomatligi yoʻlidagi islohotlar samarasi yorqin namoyon boʻlib turibdi. Davlatimiz qoʻllab-quvvatlab, gʻamxoʻrlik qilib turganda sogʻligimizga, avvalo, oʻzimiz masʼulmiz.
Keling, sogʻlom turmush tarzimizni yanada yuksaltirib, sogʻlom ovqatlanish yoʻl-yoʻriqlari va qoidalariga jiddiy amal qilaylik. Kelajakda oʻrta yoshni 80 va undan yuqorilarga uzaytiraylik.
Toʻkin-sochin, turfa noz-neʼmatlarga toʻla dasturxon atrofida oʻtirgan boʻlsangiz, qoʻlingizga qoshiqni olishdan oldin oʻzingizga bunday savol berib koʻring: “Keragidan oshiqcha ovqat yeyish foydalimi yoki ziyon?”.
Ashurali JOʻRAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist









