Jarima miqdori oshirildi, ayrim holatlarda esa jinoiy javobgarlik va 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.
O‘zbekistonda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Bu haqda 6-mart kuni qabul qilingan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida bunday huquqbuzarlik uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha etib belgilandi. Amaldagi tahrirda esa jarima BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda edi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bunday holatlar uchun BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha jarima, yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash, shuningdek 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Ilgari jarimaning eng kam miqdori BHMning 100 baravari etib belgilangan edi.
Qonun bilan Yer kodeksiga ham qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining ijarachisi yer uchastkalaridan biri yoki bir nechtasi bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin.
Bundan tashqari, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, «Vatandosh» kartasi amal qilgan davrda karta egasining oila a’zolari viza muddatini ko‘p martalik viza sifatida uzaytirish uchun davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil oktabrida qabul qilinib, Senat tomonidan dekabrda ma’qullangan edi. Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish jarayonida qayd etilganidek, amaldagi qonunchilikda bunday huquqbuzarliklar uchun belgilangan sanksiyalar nomutanosib bo‘lib, dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy muomalasiga barham berish va oldini olish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021−2024 yillarda dori vositalaridan zaharlangan shaxslar soni 18 000 nafardan oshgan. Shundan 177 nafarida o‘lim holati kuzatilgan. 2022−2025-yillar davomida 18 milliard so‘mlik 285 ming dona dori vositasi noqonuniy aylanmadan olib qo‘yilgan. Birgina, 2024-yilda bunday holatlar 2022-yilga nisbatan 3 baravarga ko‘paygan.