Bu haqda, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim mudiri Olimjon IMOMOV maʼlumot berdi.
Muammoning eng asosiy omili kasallik sezilarli alomatlarsiz paydo boʻlishi bilan bogʻliq. Shu bois oʻsimta allaqachon ildiz otib ulgurgan boʻladi va aksariyat hollarda unga ancha kech bosqichda tashxis qoʻyiladi.
Bu xastalik odatda 65 yoshdan oshgan odamlarda, qolaversa, ayollarga nisbatan erkaklarda koʻproq uchraydi. Kashandalik, ortiqcha vazn va semizlik, surunkali pankreatit mazkur kasallikka chalinish xavfini oshirishi mumkin.
Yuqorida aytganimizdek, oshqozonosti bezi saratonining yaqqol belgilari yoʻq. Shunga qaramay, qorinning yuqori yoki orqa qismida doimiy yoki kuchayuvchi ogʻriq, toʻsatdan vazn va ishtaha yoʻqolishi, teri va koʻz sohasida sargʻayish, peshob rangi qoramtir tusga kirishi, qandli diabet simptomlari toʻsatdan paydo boʻlishi kuzatiladi.
Koʻngil aynishi, qusish, ovqat hazm qilish bilan bogʻliq muammolar, sababsiz charchoq, zaiflik, depressiya va quvvatsizlik kuzatilishi ehtimoli yuqori. Ana shu simtopmlar tez-tez sodir boʻlsa, shifokor koʻrigidan oʻtish tavsiya etiladi.
Oshqozonosti bezi saratonini davolash odatda kasallik bosqichi va turiga hamda bemorning salomatlik holatiga koʻra belgilanadi.
Bunda jarrohlik amaliyoti, radioterapiya, kimyoterapiya, immunoterapiya, palliativ yordam kabi muolaja usullari qoʻllanilishi mumkin.