So'nggi yillarda mamlakatimizdan xorijga qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksporti hajmi yildan yilga oshib bormoqda. Yurtimizga turli o'simlik, meva va sabzavotlarning yangi-yangi turlari kirib kelishi ham ko'paygan. Bu esa ularning fitosanitar xavf tahlilini o'tkazish vazifasini yanada dolzarblashtiradi. Fitosanitar tahlil o'simliklar, meva-sabzavotlar orqali tarqaladigan zararli organizmlarni aniqlash va xavfni bartaraf etishda bu faoliyat bilan shug'ullanuvchi har bir tadbirkor uchun har tomonlama foydali amaliyotdir. Mana shularni nazarda tutib, tadbirkorlarning qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksporti va importida O'simliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan yaqin hamkorlik qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu, birinchi navbatda, tadbirkorning daromadi va ishonchliligi ta'minlasa, ikkinchidan, mamlakatimizning kafolatli eksportchi sifatidagi nufuzini, yurtimiz brendiga aylanib borayotgan shirindan shakar qishloq xo'jaligi mahsulotlarining yuksak sifatini  ta'minlaydi. 

O'simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan  tadbirkorlarning qishloq xo'jaligi mahsulotlarini xorij bozorlariga chiqarishga yo'l ochib berilmoqda. Toshkent shahar o'simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan  2020 yilda  eksport qilingan  446968  tn. karantin nazoratidagi yuklar va 905 121  dona  har xil mevali va manzarali ko'chatlar va gullar karantin nazoratidan o'tkazilib, 19066 dona fitosanitariya sertifikati (shundan 1712 dona FSS qo'l yuki bo'yicha) rasmiylashtirilib berilgan. Eksport, import va mahalliy karantin nazoratidagi yuklar bo'yicha 782 642 m³ va 453 265 m²  zararsizlantirish ishlari olib borildi.  Toshkent shahri boshqa viloyatlardan kirib kelgan karantin ostidagi 27271 tn. mahsulotga va 207115 dona manzarali va mevali ko'chatlar hamda gullarga 1277 dona ichki fitosanitariya sertifikatlari rasmiylashtirilib berilgan.

Toshkent shahar o'simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan 2021 yilda amalga oshiriladigan vazifalar doirasida alohida e'tibor qaratish zarur bo'lgan yo'nalishlar belgilab olindi.

Jumladan, o'simliklar karantini chegara maskanlarida karantin ostidagi mahsulotlarni vaqtincha saqlash uchun maxsus izolyasiya xonalari bilan ta'minlash ishlarini amalga oshirish, xorijiy mamlakatlardan kirib kelgan zararlangan karantin ostidagi mahsulotlarni yo'q qilish (ko'mish, yoqish) tadbirlarini o'tkazish maqsadida maxsus joy uchun  er maydoni aniqlash va yoqish qurilmasini ishga tushirish kabi ishlar ko'zda tutilmoqda. “Toshkent temir yo'li” O'KCHM ehtiyojlaridan kelib chiqib, “detektor-xizmat it”laridan foydalanish uchun maxsus joy olish va xizmatga jalb etish, meva-sabzavot eksporterlari bilan mavjud muammolarni aniqlash va tezkor bartaraf qilish maqsadida har chorakda kamida bir marta seminar va uchrashuvlar o'tkazish, eksportbop mahsulotlar etishtiriladigan bog', tokzorlar va dala maydonlarini hamda qadoqlash sexlarining doimiy ro'yxatini shakllantirish ham rejalashtirilgan. Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtiruvchilarning va yopiq omboxonalarda xavfli zararkunanda o'choqlarini o'z vaqtida aniqlash va ularga qarshi samarali kurashish choralarini belgilash uchun feromon tutqichlarini o'rnatish va ularni monitori olib boriladi. Toshkent shahar  hokimligi bilan  “daladan eksportgacha” bo'lgan zanjirning samarali faoliyatini tashkil etish va importyor davlatlarni karantin talablariga muvofiqlashtirish maqsadida bog'lar va qadoqlash sexlarini xatlovdan o'tkazib, mazkur talablarga moslashtirish bo'yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan tegishli “Yo'l xarita”larini ishlab chiqish, tasdiqlash va ijrosini ta'minlash ko'zda tutilmoqda. Shuningdek, Toshkent shahar xududidagi  issiqxonalarda  zararli  organizmlar tarqalishinipg oldini olish bo'yicha agrotexnik tadbirlar o'tkaziladi. Barcha tuman inspektorlari tomonidan belgilab olingan ushbu chora-tadbirlar ijrosiga e'tibor kuchaytirilmoqda.

Toshkent shahar o'simliklar karantini

Davlat inspeksiyasi matbuot xizmati