Kecha faxriy mehmon Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligida boʻldi. Uni sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov qabul qildi.
Doʻstona ruhda kechgan muloqot avvalida vazir mehmonga mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasiga berilayotgan eʼtibor, bunda suv sporti turlarini rivojlantirishning oʻrni va ahamiyati, xususan Oʻzbekistonda suv sporti turlarini ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi.
Oʻz navbatida, Taha Sulaymon al-Kishri Osiyo suzish federatsiyasi Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini bildirib, ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash taklifini ilgari surdi.
Muloqotda 2025-yili Toshkent shahri mezbonlik qiladigan yoshlar oʻrtasidagi IV yozgi Osiyo oʻyinlari uchun barpo etilayotgan suv sporti inshoatlarini xalqaro talablarga mos qilib qurishda Osiyo suzish federatsiyasi oʻz ekspertlarini taqdim qilishi borasida kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, joriy yilning iyun-iyul oylarida koʻhna va navqiron Samarqand shahri ochiq havzada suzish boʻyicha Osiyo ochiq musobaqasi (Asian Open Water)ga mezbonlik qiladi. Oʻzbekiston tomoni ushbu musobaqani yuksak saviyada tashkil etish borasidagi tayyorgarlik ishlari hozirdan boshlab yuborilganligi taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, mehmonlar suzish boʻyicha 2022-yilgi Osiyo chempionatini ham Oʻzbekistonda oʻtkazish rejalashtirilayotganligini aytib oʻtdi. Musobaqani oʻtkazish joyi va muddati ish jarayonida koʻrib chiqiladi. Ikki tomonlama muloqot chogʻida Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Oʻzbekiston suzish federatsiyasi bosh kotibi Alisher Gʻaniyev ham ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun: hozirda Osiyo suzish federatsiyasiga qitʼamizdagi 45ta davlat aʼzo sanaladi.
Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati