XXI asrda insoniyat turli tahdidlar, shu bilan birga, yangi imkoniyatlarni o'zida mujassam etgan global geosiyosiy o'zgarishlar davriga qadam qo'ydi. Hozirgi paytda ulkan moliyaviy-iqtisodiy, ilmiy va intellektual salohiyatga ega hamda 4.5 milliardan ziyod aholi yashaydigan Osiyo qit'asi mamlakatlari ham jiddiy xatarlarga duch kelmoqda.
Osiyo davlatlarida ekologiya, demografiya, migratsiya, hayot va ta'lim darajasi pastligi, izchil va barqaror rivojlanish bilan bog'liq qator jiddiy muammolar paydo bo'lmoqda. SHu bois ham mazkur sohalardagi dolzarb masalalarni hal etish bo'yicha kuchlarni muvofiqlashtirishda turli xalqaro tuzilmalarning samarali faoliyati hayotiy zaruratga aylanib bormoqda.
Bu borada O'zbekistonning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashiga a'zoligi mamlakatlar bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha tashqi siyosatni amalga oshirishda yangi imkoniyatlarni yaratadi, deb o'ylayman.
Xo'sh, ular qanday imkoniyatlardan iborat? Avvalo, mazkur Kengash Osiyoda davlatlararo munosabatlar va xavfsizlikni ta'minlashdagi turli muammoli masalalar bo'yicha ilg'or tashabbuslarni ilgari surishda amaliy muloqot platformasi sifatida ahamiyatli. Ayniqsa, O'zbekistonning Afg'onistonda tinchlik o'rnatish, yirik infratuzilma loyihalari bo'yicha tashabbuslarini amalga oshirishda qo'shimcha mexanizmlarni yaratadi. Zero, Afg'onistondagi vaziyatni tartibga solish Osiyo mintaqasidagi barqarorlikning muhim omili hisoblanadi.
Shuningdek, O'zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasini Osiyo davlatlarida ham izchil amalga oshirishda hamda ishlab chiqilayotgan Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiya bo'yicha amaliy hamkorlikning yangi o'zaro manfaatli yo'nalishlari vujudga keladi.
Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida xalqaro tashkilotlar doirasida mintaqaviy va global masalalar bo'yicha muvozanatli, doimiy muloqot olib borish, iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirish ustuvor masala etib belgilangan. Shu jihatdan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashiga a'zo davlatlar bilan o'zaro iqtisodiy va savdo aloqalari salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish uchun qulay zamin vujudga keladi.
Ekologik xatarlarni, ayniqsa, Orol inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun sa'y-harakatlarni birlashtirishda yangi shart-sharoitlar paydo bo'ladi.
Shu bilan bir qatorda, investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlar o'rtasida turli yo'nalishlarda hamkorlikda faoliyat yuritish, hali ishga solinmagan imkoniyalarini izlab topishda amaliy muloqot maydoni paydo bo'ladi.
Fan, ta'lim sohalari va madaniy-gumanitar yo'nalishdagi hamkorlik borasida mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning Kengash doirasidagi muvofiqlashtiruvchisi bo'lamiz. Jumladan, xalq diplomatiyasi doirasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, turizm bo'yicha forumlarni tashkil etish uchun qulay zamin yaratiladi.
Xususan, Kengashning Dushanbe sammitida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, madaniyatlarni o'zaro boyitish masalalari bo'yicha tizimli muloqotni yo'lga qo'yish taklifi kiritildi. SHu nuqtai nazardan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashi Toshkentdagi O'zbekiston islom tsivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi uchun samarali platforma bo'lib xizmat qilishi mumkin. Bu esa, o'z navbatida, O'zbekistonning Osiyo mamlakatlarida o'zining munosib imijini yangi bosqichga olib chiqadi.
Sayfiddin JO'RAEV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori,
siyosatshunoslik fanlari doktori