Аkademiya Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi, Turizm va sport vazirligi, MOQ, OʼzDJTSU bilan hamkorlikda ochilmoqda. Unda qitʼamizning eng kuchli mutaxassislari mazkur sport turida malakali kadrlarni tayyorlash boʼyicha faoliyat olib borishadi. Bugun MOQda mazkur akademiya ochilishiga bagʼishlangan matbuot anjumani boʼlib oʼtdi. Unda OʼzDJTSU rektori Mahmud Boltaboyev, Oʼzbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova, Sport yakkakurashlari boʼyicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi murabbiyi Gennadiy Pelix ishtirok etishdi.

Dastavval Gulnora Saidova akademiya faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi.

– Bu Osiyodagi birinchi akademiya boʼladi. Unda hozircha murabbiylarni tayyorlash koʼzda tutilgan. Hozirda akademiya faoliyatini yoʼlga qoʼyish boʼyicha hujjatlarni rasmiylashtirishning soʼnggi bosqichi amalga oshirilmoqda. Fursatdan foydalanib, bu loyihani qoʼllab-quvvatlayotgan hukumatimiz va OʼzDJTSUga minnatdorchilik bildirib oʼtmoqchiman. Bu bilan oʼzbek sportining rivojlanib borayotganini yaqqol koʼrsata olamiz”, – dedi G.Saidova.

Oʼz navbatida Mahmud Boltaboyev ham akademiya faoliyati va Oʼzbekiston qilichbozlik federatsiyasi bilan hamkorlik borasida yoʼlga qoʼyilgan ishlar xususida gapirib oʼtdi.

Qayd etish joiz, Аkademiya toʼliqligicha Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi tomonidan moliyalashtiriladi. Oʼqish bir yilga moʼljallangan boʼlib, unda yaqinda faoliyatini tugatgan va murabbiy boʼlish istagidagi 6-8 nafar sobiq sportchilar xalqaro federatsiya tomonidan tanlab olinadi. Quvonarlisi, hozirning oʼzida mazkur akademiyada tahsil olishni istagan abituriyentlarning talabnomalari mavjud.

Аnjumanda ishtirok etgan jurnalistlar Аkademiya faoliyati boʼyicha oʼzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Unda bir qator qiziqarli mavzularda qizgʼin bahs-munozaralar boʼldi.