Oʻshanda Qashqadaryo viloyat sport oʻyinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi murabbiyi Xurshid Karimov odatdagidek Kasbi tumanidagi oʻrta maktab sport maydonida yengil atletikadan mashgʻulot oʻtayotgandi.
Asosan qishloq yoshlaridan iborat guruh rejaga koʻra balandlikka sakrash mashqlarini bajarishi kerak edi. Murabbiy ularning natijasini qayd etib borarkan, maydon chetida yugurib, goʻyoki oʻzi ham sakrayotgandek harakatlarni takrorlayotgan yoshgina qizaloqqa koʻzi tushdi. Bir muddat uning holatini kuzatib, bu qizaloqda oʻzgacha iqtidor borligini anglaganday boʻldi. Sekin uning yoniga borib, tanishishga harakat qildi.
— Hoy qizaloq, isming nima?
—Barnoxon.
—Nechanchi sinfda oʻqiysan?
— Beshinchida, shu maktabda oʻqiyman.
— Sakrashni xohlaysanmi?
Murabbiyning bu savoli unga yoqib tushgandi. Hech ikkilanmasdan olisdan borib, yugurishga tushdi. Belgilangan balandlikdan birinchi urinishdayoq hech bir xatosiz sakrab oʻtib ketdi. Koʻzlariga ishonmagan ustoz shoshgancha, tik masofani ulchab koʻrgach, hayratda qoldi. Yettinchi-sakkizinchi sinf oʻquvchilari uchun belgilangan bu meʼyor beshinchi sinf oʻquvchisi uchun hech bir muammo tugʻdirmadi. Eng ajablanarlisi, qizchaning ustida oddiy maktab kiyimi edi. Agarda unga mashgʻulot uchun qulay sport kiyimi berilganda yanada yuqori natijaga erishishiga ishondi ham.
Shu kunning oʻzida Barnoxon Sayfullayeva yengil atletika toʻgaragiga aʼzo qilinib, mashgʻulotlarda ishtirok eta boshladi. Ustozi uning qiziqishiga qarab, asosan balandlikka sakrash sirlarini oʻrgatdi. Qisqa fursatda qizaloq ham ustoz oʻgitlarini oʻzlashtirib borib, sport maktabida faollar qatoriga kirib oldi. Oʻzgacha iqtidori, maqsad sari tirishqoqligi uni yuksak marralar sari chorlayotganini u paytlarda hech kim anglamasdi. Faqatgina murabbiy koʻzlari chaqnab turgan bu qizcha ertaga yuqori oʻrinlarni zabt etishiga shubha qilmasdi.
Shu voqeadan uch oy oʻtmasdan Toshkent shahrida yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabarnoma keldi. Bu chempionatga ikki yildan buyon yaxshi hozirlik koʻrib kelayotgan toʻrt nafar shogirdini yetaklab yoʻlga chiqqan ustozi biroz yoshi kichik boʻlsa-da, tajribasini oshirib kelishi uchun Barnoxonni ham onasidan soʻrab, olib ketdi.
Toshkent shahri. Katta sport arenasida mamlakat chempionatiga start berildi. Bir chetda tomoshabin boʻlib oʻtirgan Barnoxon ustozidan musobaqada ishtirok etishga ruxsat soʻradi. Yosh iqtidorning qiziqishini soʻndirishni istamagan murabbiy chempionat ishtirokchilari safiga bir amallab qoʻshtirdi. Boisi, musobaqa ishtirokchilarining yoshi biroz katta edi. Shunday boʻlsa-da, hakamlar rozilik bildirishdi. Viloyat va shaharlardan saralanib kelgan kuchli atletlar qatnashayotgan bellashuvda hali biror marta ishtirok etmagan qizchaga hech kim eʼtibor ham bermadi.
Xurshid Karimov musobaqa davomida toʻrt nafar shogirdi aytarli natijaga erisholmagani bois, kayfiyati biroz tushib, bir chetda tomoshabin boʻlib oʻtirarkan, Barnoxonning musobaqada ishtirok etayotgani yodidan ham koʻtarilgandi. Bir vaqt balandlikka sakrash boʻyicha gʻoliblarni taqdirlash marosimi boshlanib, suxandon mikrofon orqali birinchi oʻrinni qashqadaryolik Barnoxon Sayfullayeva qoʻlga kiritgani haqida eʼlon qilarkan murabbiy quloqlariga ishonmasdi. Hakamlar unga shogirdini shohsupaning birinchi pogʻonasiga olib chiqishni soʻrashdi. Yosh qizaloqning boʻyniga oltin medal taqisharkan, oʻz yoshida balandlikka sakrash boʻyicha mamlakat rekordini ham yangilaganini eʼtirof etishdi. Chempionatdan oʻzgacha quvonch bilan ortga qaytarkan, Barnoxonni musobaqaga olib kelib, toʻgʻri ish qilganidan mamnun edi.
— Hali oʻshanda beshinchi sinf oʻquvchisi edi, — deydi Barnoxonning onasi Nilufar opa. — Ustozi musobaqaga olib ketish uchun kelganida, rosa ikkilanib, rozilik bildirganman. Ochigʻi, hech boʻlmasa tomosha qilib kelar degan umidda joʻnatgandim. Chempionat yakuniga yetib, qizimning oltin medalni qoʻlga kiritganini eshitganimda, ishonmaganman. Ustozi shunchaki mening koʻnglimni koʻtarish uchun shunday deyapti, deb oʻylaganman. Lekin kelgach, koʻrdimki, haqiqatan ham chempion boʻlibdi. Xursandligimdan boshim koʻkka yetdi. Shundan soʻng, uning gʻalabali onlari boshlandi. Shu yilning oʻzida, yana toʻrt oydan soʻng Buxoro shahrida oʻtkazilgan navbatdagi mamlakat birinchiligida 1,70 sm natija bilan Oʻzbekiston rekordini oʻz tengdoshlari oʻrtasida yangilab, sport ustaligiga nomzod boʻldi.
Kasbilik atlet qizchaning gʻalabali odimlari shu bilan toʻxtab qolmadi. Aksincha, qaysi musobaqaga borsa, raqiblarini dogʻda qoldiradigan, gʻoliblikni qoʻlga kiritmasdan ortga qaytmaydigan boʻldi. Hattoki, uning bu zafarli yurishlari baʼzi mutaxassislarda shubha uygʻotadigan boʻldi. Navbatdagi musobaqalarda oltin medalni qoʻlga kiritgan qizaloqni shu zahotiyoq doping nazoratiga taklif qilishgandi. Ammo, doping tugul, uni nomini ham eshitmagan oddiy qishloq qizidan zarracha ham aniqlanmagach, mum tishlagancha qolaverishdi.
Barnoxon oʻttiz marotaba Oʻzbekiston, ikki marta Markaziy Osiyo chempionligini qoʻlga kiritdi, bir necha bor xalqaro turnirlar gʻolibi boʻldi. 2022-yil oktyabr oyida 18 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasida Quvaytda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib, balandlikka sakrash bahslarida 1,84 santimetr natija koʻrsatib, oltin medal oldi. Yaqinda yoshlar oʻrtasida Janubiy Koreyada oʻtkazilgan Osiyo chempionatida ham balandlikka sakrashda barcha raqiblarini ortda qoldirib, yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarishga erishdi.
— Har safar qizim musobaqalarda yaxshi natija koʻrsataverishi koʻpgina hakamlarda, kuzatuvchilarda shubha uygʻotadi, — deydi uning onasi Nilufar opa. — Avvalgi safar Quvaytda oʻtkazilgan chempionatda ham yaxshi koʻrsatkichga erishganidanoq, birdaniga doping nazoratiga olib ketishgandi. Qanchalik tekshirishmasin, biror-bir salbiy holat topisholmay dogʻda qolishgan. Janubiy Koreyada oʻtkazilgan bahslarda ham shu holat takrorlandi. Lekin, baribir hayratlanishdan nariga oʻtisholmadi. Shunday farzand oʻstirganimga koʻp bor rahmatlar aytishganida, mendan baxtli ona yoʻq, deb oʻylayman.
Ayni paytda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida tahsil olayotgan Barnoxon kelgusi yili oʻtkaziladigan Olimpiya oʻyinlarida gʻolib boʻlish istagida.
— Sport hayotimning mazmuniga aylandi, — deydi B.Sayfullayeva. —Shu bois, yengil atletikasiz oʻzimni tasavvur eta olmayman. Yuqori natijalarni qoʻlga kiritishimda birinchi galda ustozlarimning mehnati katta, albatta. Hali orzularim koʻp. Oʻz natijalarim orqali yurtimiz dovrugʻini dunyoga taratish imkoniyati bor ekan, bu yoʻlda hech qachon ortga chekinmayman. Nasib etsa, Olimpiada gʻolibi boʻlib, mamlakatimizga oltin medal bilan qaytaman. Bu yoʻlda menga Oʻzbekiston yengil atletika terma jamoasi murabbiysi, ustozim Alim Ahmedjanovning yordami katta boʻlmoqda.
Qashqadaryolik sport mutaxassislarining taʼkidlashicha, viloyat tarixida yengil atletika boʻyicha ilk bor xotin-qizlar oʻrtasida Barnoxon Sayfullayeva sport ustasi, degan nomga sazovor boʻlibdi. Asosan yakka kurashlarda yuqori oʻrinlarni egallab kelgan voha sportchilari yengil atletikada ham yaxshi natijalar koʻrsata boshlashida sport maktablari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Qolaversa, asli nomi yengil atletika boʻlgani bilan mashaqqatli sport turlari qatoridan joy olgan balandlikka sakrashda yaxshi natija koʻrsatishning oʻzi boʻlmasligini jismoniy tarbiya mutaxassislari yaxshi bilishadi.
Qolaversa, bugun iqtidorli Barnoxonning yengil atletika bilan muntazam shugʻullanish orqali yaxshi natijalarni qoʻlga kiritayotgani u voyaga yetgan Kasbi tumanidagi Xitoy qishlogʻi aholisi oʻrtasida ham sportning ommalashishiga maʼlum darajada turtki boʻldi.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri