Oʻsmirlik — bu bolalar va ota-onalar oʻrtasidagi munosabatlar uchun jiddiy sinov davridir. Ushbu davrdan oʻtish mushkul, chunki yoʻqotishlar boʻlishi mumkin. Ammo bu jarayon qiziqarli va oʻzaro munosabatlarni yoʻlga qoʻysa boʻladi.

Ota-onalarga oʻsmir yoshidagi farzandlarini tarbiyalash uchun muhim tavsiyalar:

Farzandingiz bilan doimiy muloqotda boʻling. Oʻsmirlik — murakkab davr boʻlgani uchun bola bilan doimiy muloqot qilish muhim hisoblanadi.

Boladan uning qiziqishlari, muammolari haqida soʻrang va suhbatlashing. Farzandingiz fikri, orzu va maqsadlarini qoʻllab-quvvatlang.

Ishdan uyga qaytganingizda, bola notoʻgʻri ish qilgan boʻlsa ham, uni koyimang. Avval bu nojoʻya ishning sababini soʻrang. Farzandingiz kun davomida nima ishlar qilganiga qiziqing. Suhbatlashgandan soʻng toʻgʻri yoʻl koʻrsatib, doʻstona nasihat qilish yaxshi samara beradi.

Oʻsmirlar tarbiyasida turli cheklovlar, doʻq-poʻpisalar samarasiz boʻlib va farzandingiz uchun xavfli ekanligini unutmang. Haddan tashqari koʻp taqiq va bola erkinligini cheklash oʻsmirning agressiv boʻlib qolishiga sabab boʻladi. Oʻsmirlik davrida ota-ona farzandi bilan koʻproq muzokara olib borsa, ijobiy natijaga erishiladi. Taqiqlash zarur boʻlsa, taqiqning sababini tushuntirishga alohida vaqt ajrating. Agar bola norozilik bildirishni davom etsa, u holda sizga ham, unga ham mos keladigan yechim topishga harakat qiling.

Bolaga uning hayotidagi istiqbollar va kelajak haqida gapiring. Farzandingiz nimani xohlashini, oʻz maqsadiga qanday erishmoqchi ekanligini bilib oling, unga aniq va real harakat rejasini ishlab chiqishga yordam bering.

Farzandingiz bilan jiddiy mavzularda suhbatlashing: hayot nima? Hayotning maʼnosi nima? Doʻstlik, sevgi, oʻlim, xiyonat nima? Bu mavzular oʻsmirlarni koʻproq oʻylantiradi. Hayotda nima muhim ekanligini tushunish uchun javob izlaydi. Siz uchun qimmatli narsalar va tuygʻular haqida gapirib bering. Oʻz tajribangizni, oʻz fikrlaringizni baham koʻrishdan erinmang. Aksar hollarda bolaga “maʼruza” oʻqishdan va nima toʻgʻri va nima notoʻgʻri ekanligi haqidagi nasihatdan koʻra, dildan qilingan suhbat afzalroqdir. Agar siz oʻsmir bilan qiyin mavzularda suhbatlashishdan qochsangiz, u javoblarni boshqa tomondan — masalan, internetda qidirishda davom etadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlar nafaqat ishonchsiz, balki xavfli boʻlib chiqishi ham mumkin.

Bola hayot goʻzal, yashash baxt ekanligini tushunishi uchun qoʻlingizdan kelgan hamma narsani qiling. Bolani hayotda oddiy narsalardan misol uchun tabiat, odamlar bilan muloqot, dunyoni oʻrganishdan zavqlanishga oʻrgatish muhim. Hayotga muhabbat uygʻotishda oʻzingiz namuna boʻling. Sizning hayotga ijobiy munosabatingiz, albatta, bolaga oʻtadi va unda yuzaga keladigan qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi.

Bolaga muvaffaqiyatsizlik, undan chiqish yoʻllari haqida ham tushuncha bering. Muayyan qiyinchiliklarni qanday yengish kerakligi haqida tez-tez suhbatlashing. Insonlar tajribasidan muvaffaqiyatsizlik haqida va oʻziga ishonchni oshirish haqida hayotiy misollar keltiring.

Farzandingizga mehr-muhabbat va gʻamxoʻrlik koʻrsatib, uning qoʻpolligi ortida nima borligini aniqlang. Sizning mehr, eʼtiboringiz, gʻamxoʻrligingiz, qoʻllab-quvvatlashingiz bola uchun juda muhimdir.

Bolaga erkinlik berishda eʼtiborli boʻling. Oʻsmir hali bunga tayyor boʻlmasligi mumkin. Shu bois bu jarayonni asta-sekinlik bilan amalga oshiring. Unga mustaqillik berishdan avval nima mumkinu nima mumkin emasligini yaxshilab oʻrgating.

Agar ayrim sabablarga koʻra bola bilan til topisha olmasangiz oʻz vaqtida mutaxassis bilan maslahatlashing. Psixolog bilan individual ravishda birga ish olib boring. Shundagina bolangiz bilan munosabatlaringizda iliqlik, ishonch va hamjihatlikni tiklashga koʻmak beradigan zarur koʻnikmalarga ega boʻlasiz, deb yozmoqda Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati.