Niyatimiz ezgu. Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilovaning 107-yilligini Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, Zulfiya opaning shogirdlari, oila aʼzolari bilan vohada munosib nishonlash, koʻngillarga bahor epkinlarini oʻtli sheʼrlar bilan olib kirish edi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan ijodiy safarimizda shoir yigitlarimiz taʼriflamish – malikalarimiz bilan uchqur ulovda yoʻlga chiqdik. Yoʻl davomidagi shoira opalarimiz, ustozlarimizdan Zulfiya opa haqidagi unutilmas xotiralar, birga kechgan yorqin lahzalar haqida eshitib ketdik. 

Ustoz shoiralarimizning yorugʻ oʻylari, uyushma qoshidagi “Zulfiyaxonim qizlari” klubi aʼzolari boʻlmish shoira singillarimizning shaloladek begʻubor kulgulari bilan manzilga yetib bordik.

Jizzax shahridagi ijod maktabi hovlisida qad rostlagan Hamid Olimjon va Zulfiya haykali poyida tadbirning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Yozuvchilar uyushmasining Jizzax viloyati boʻlimi mezbonlik qilgan tadbirlar shu kuni nafaqat ijod maktabida, balki shahardagi bir qancha oliy oʻquv yurtlarida ham koʻtarinki kayfiyatda boʻlib oʻtdi. 

Taniqli oʻzbek shoiralaridan tarkib topgan ijodiy guruhimizni orziqib kutgan davralarda kechgan kutilgan va kutilmagan baxtiyor damlar, “biz ham sheʼr yozamiz”, deb sahnaga dadil chiqib, keyin gumbirlatib sheʼr oʻqigan talaba qizlar, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari boʻlmish singillarimizning ustozlarni umidlantirgan sheʼrlari, “Eng gullagan yoshlik chogʻimda” qoʻshigʻini birgalikda kuylagan yoshlar, vohaning joʻmard ijodkorlari Sharof Rashidov, Hamid Olimjon, Toʻra Sulaymon, Saʼdulla Hakimlarning yorugʻ xotiralari esh boʻlgan gurunglar – bularning bari kunimizga fayz, dilimizga huzur berdi.

Qaytar ekanmiz, ollanib botib borayotgan oftob nurlarida poytaxt sari yoʻlga chiqqan ulovimizni mehmondoʻst, qalbi daryo jizzaxliklar, simyogʻochda minoradagi soʻfidek tek turgan oppoq laylaklar, mart quyoshida yashillanib qolgan adirlar va albatta unutilmas xotiralar kuzatib qoldi.

Nargiza Asadova,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi