Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlar davlat fuqarolik xizmatiga tanlovsiz qabul qilinadi

    30 yoshga toʻlgan fuqarolarga oilaviy bolalar uyini tashkil etishga ruxsat etiladi.

    Farmon bilan 2025-yil 1-martdan boshlab yolgʻiz ona (ota)ga bir nafar farzandi uchun bola(lar) 3 yoshga toʻlguniga qadar maktabgacha taʼlim xizmatidan foydalanish uchun BHMning 1 yarim baravarigacha (562 ming 500 soʻmgacha) miqdorda moddiy yordam beriladi. (bunda moddiy yordam egizaklarning har biri uchun beriladi)

    2025-yil 1-fevraldan boshlab:

    • oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun oilaning er va xotindan iborat toʻliq oila boʻlishi talabi bekor qilinadi;
    • 30 yoshga toʻlgan fuqarolarga oilaviy bolalar uyini tashkil etishga ruxsat etiladi;
    • ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar oilaga tarbiyaga (patronat) faqat ularning qarindoshlariga beriladi;

    yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning yashash xarajatlari, oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga bolani tarbiyalagani (parvarishlagani) uchun ajratiladigan mablagʻlar tarbiyalanuvchilar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va boshlangʻich professional taʼlim muassasalarini tamomlaguniga qadar beriladi.

    Farmon bilan “Inson” markazlari bolaning sogʻligʻini tiklash va reabilitatsiyasi uchun qoʻshimcha xarajatlarni bola foydasiga undirish boʻyicha sudga murojaat qilganda davlat bojini toʻlashdan ozod etildi.

    Endilikda aliment toʻlayotgan ota yoki onaning moddiy ahvolidan qatʼi nazar davlat yoki nodavlat muassasalarning toʻliq taʼminotida boʻlgan voyaga yetmagan bolaga toʻlanayotgan aliment miqdorini sud tomonidan kamaytirish yoki uni aliment toʻlashdan ozod qilinmaydi.

    Oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlar davlat fuqarolik xizmatiga tanlovsiz qabul qilinadi.