Bojxona kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, toʻlanishi bojxona rasmiylashtiruvi bilan bogʻliq boʻlmagan bojxona yigʻimlarini bojxona hududida toʻlash belgilandi.
Soliq kodeksiga soliq hisobotlarini 3-yil but saqlashga oid oʻzgartirish kiritildi (ilgari 5-yil edi).
Kameral soliq tekshiruvida quyidagi soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish taqiqlandi (qoʻshilgan qiymat soligʻining oʻrnini qoplash (qaytarish) maqsadida oʻtkaziladigan kameral soliq tekshiruvi mustasno):
- soliq toʻlovchi hududiga kirish;
- soliq toʻlovchi hududi va binolarini koʻzdan kechirish;
- soliq toʻlovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish;
- soliq toʻlovchining hujjatlari va buyumlarini olib qoʻyish.
Endilikda soliqqa oid huquqbuzarlik uchun 3-yil ichida javobgarlik masalasi koʻrib chiqilishi kerak, 3-yildan keyin shaxs huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas (ilgari 5-yil edi).
Ota-onalar har qanday yoshdagi farzandlarining professional va oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqishi uchun toʻlagan pullari daromad soligʻidan ozod qilinadi.
Ilgari faqat 26 yoshgacha boʻlgan farzandlar uchun toʻlangan pullardan daromad soligʻi olinmagan.
Quyidagilarga qoʻllaniladigan soliq imtiyozlari 2028-yil 31-dekabrgacha uzaytirildi:
- Oʻzbekiston rezidentlari va norezidentlari boʻlgan jismoniy shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalar boʻyicha dividendlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi;
- Oʻzbekistonning norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalari boʻyicha dividendlar tarzidagi daromadlariga foyda soligʻi boʻyicha 5 foiz miqdorida soliq stavkasi qoʻllaniladi;
- Oʻzbekistonning rezidentlari va norezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning xoʻjalik jamiyatlari obligatsiyalari boʻyicha foizlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan hamda foyda soligʻidan ozod etiladi.
Ushbu Qonun 2024-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.