OTB Oʻzbekistonda yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish uchun STEM sohasiga 100 million dollar sarmoya kiritmoqda

    Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Oʻzbekistonda umumtaʼlim maktablarida tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) taʼlimi sifatini oshirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 100 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kreditni maʼqulladi.

    Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.

    “Umumiy oʻrta taʼlimda tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik va matematika” loyihasi doirasida mamlakat boʻylab 200 ta umumtaʼlim maktabi zamonaviy laboratoriyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasi, quyosh energiyasi tizimlari va nogironligi boʻlgan oʻquvchilar uchun qulay sharoitlar bilan jihozlanadi. Bu maktablar qoʻshni taʼlim muassasalari uchun resurs markazlari sifatida faoliyat yuritadi.

    Shuningdek, loyiha doirasida STEM fanlari boʻyicha respublika miqyosida oʻqituvchilar malakasini oshirish, fanlararo yondashuvni rivojlantirish hamda qizlarni ushbu sohadagi kasblarga qiziqtirish uchun maxsus targʻibot kampaniyalari oʻtkazish rejalashtirilgan.

    Loyiha Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasiga mos boʻlib, OTBning “Strategiya–2030” dasturida belgilangan raqamli transformatsiya, gender tengligi va iqlim oʻzgarishlariga chidamlilik kabi ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

    Bu yil OTB va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikning 30-yilligi nishonlanmoqda. 1995-yilda Oʻzbekiston bankka aʼzo boʻlganidan buyon OTB mamlakatga davlat sektori uchun jami 14,6 milliard AQSH dollari miqdorida kredit, grant va texnik koʻmak ajratgan.

    Maʼlumot uchun, Osiyo taraqqiyot banki — Osiyo va Tinch okeani mintaqasida inklyuziv, barqaror va chidamli oʻsishni ragʻbatlantiruvchi yetakchi koʻp tomonlama moliya instituti boʻlib, 1966-yilda tashkil etilgan va 69 ta aʼzoga ega. Ulardan 50 tasi mintaqadagi mamlakatlardir.