“Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan 2022-yilning yanvar-sentyabr oylarida vakolatli organ bilan kelishilgan holda oʻtkazilgan tadbirlarda 35 kV va undan yuqori elektr qurilmalariga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari, energo tizimi korxonalari, davlat tashkilotlarida hamda elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish boʻyicha jami 718 ta holat aniqlandi.

Buning natijasida, elektr va issiqlik energiyasidan noqonuniy foydalangan 440 ta isteʼmolchi tomonidan 87,1 mlrd.soʻm yetkazilgan zarar boʻyicha qayta hisob-kitob amalga oshirildi.

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navroʻz Norboboyev maʼlum qildi.

Tekshiruvlarda noqununiy ulangan, qoniqarsiz texnik holatdagi jami 3608 ta elektr qurilmaning ishi hamda xavfsizlikka rioya qilmagan 35 ta brigadaning ishi toʻxtatildi. 250 ta masʼul xodimlarga tegishli choralar koʻrilishi taʼminlandi.

Shuningdek, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birga elektr tarmoqlariga noqonuniy ulangan 758 ta isteʼmolchi tomonidan tizimga 26,1 mlrd.soʻm zarar yetkazilgan.

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng koʻpi – Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax va Fargʻona viloyatlarida aniqlandi.