Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda "Oʻzsuvtaʼminot"AJ Axborot xizmati rahbari Akmal Murodov maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, shu yilda 1 619 kilometr ichimlik suvi, 521 kilometr oqova suv tarmoqlarini tortish, tizimdagi 162 ta inshootni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bularning natijasida 715 ming aholiga ilk bor markazlashgan toza ichimlik suvi yetib boradi, 135 ming xonadon oqova tarmogʻiga ulanadi, 157 ming isteʼmolchiga zamonaviy hisoblagich oʻrnatiladi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ichimlik suvi boʻyicha 340 million yevrolik 3 ta loyiha kelishildi. Jumladan, Fransiyaning “Suez” kompaniyasi Denov, Shoʻrchi, Sariosiyo va Qumqoʻrgʻondagi ichimlik suvi taʼminotini xususiy boshqaruvga olyapti. Natijada viloyatda markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 90 foizga yetishi kutilmoqda.
Shuningdek, sohani raqamlashtirish. Buning uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 125 million dollar jalb qilinishi belgilangan. Besh yilda yirik suv inshooti va magistral quvurlarga 4 800 ta "aqlli" hisoblagich, 2 800 ta telemetriya tizimi oʻrnatish koʻzda tutilgan.