Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshligʻi Azamat Kamolov maʼlum qildi.

“Biz surunkali dars qoldiruvchi oʻquvchilar boʻyicha oʻrganishlar olib borganimizda ayrim ota-onalar «uch kunlik safar”, “davolanishga ketyapmiz” degan turli sabablarni koʻrsatib, farzandini xorijga olib chiqib ketgan holatlar aniqlandi. Oqibatda bola surunkali ravishda maktabga kelmagan.

Farzandini dars vaqtida maktabga emas, ishlashga jalb qilayotgan ota-onalar ham yoʻq emas. Shuningdek, ota-ona nazorat qilmasligi oqibatda uydagilarga “maktabga ketdim”, deb internet-kafe yoki boshqa koʻngilochar joylarda vaqt oʻtkazadigan oʻquvchilar borligi ham aniqlanmoqda», dedi u.

Vazirlik vakili taʼlim sifatidan qoniqmay, maktabga emas, repetitorga borayotgan yoki sinfxonalar sovuqligi, yoʻllarning abgor ahvoldaligi sabab darslarda ishtirok etmayotgan oʻquvchilar haqidagi savolga quyidagicha javob bergan:

«Repetitorga, asosan, 10−11-sinf oʻquvchilari xorijiy tillarni oʻrganish yoki oliy oʻquv yurtiga kirishda boʻladigan test sinovlariga doir fanlardan tayyorlanishga boryapti. Toʻgʻri, oʻquvchilarning maktabga muntazam kelishi, davomatning yaxshi boʻlishi taʼlim sifatiga va jozibadorlikka ham bogʻliq.

Bugungi kunda taʼlim sifatini yaxshilash borasida ishlar qilinmoqda. Maktablarda ham ingliz tili darslari oʻtilyapti. Lekin oʻquvchi ota-onaning mablagʻini olib, oʻquv markaziga borib, qoʻshimcha oʻrganyapti.

Mana shu kabi muammolarni hal qilish uchun oʻtgan yili 500 nafar xorijiy til mutaxassislari chet eldan keltirildi. Ular Respublika boʻylab turli maktablarda xorijiy tilni oʻqitmoqda, barchasining yashash joyi, maoshi davlat tomonidan qoplanmoqda.

2024−2025 oʻquv yilidan boshlab chet tilini oʻrgatish uchun xorijdan yana 1,5 ming nafar malakali mutaxassis olib kelinadi. Bu esa oʻquvchilarning oʻquv markazlariga borishining oldini oladi. Davlat maktablarda umumiy oʻrta taʼlim uchun hammaga teng sharoitni yaratdi. Ayrim ijtimoiy muammolar, albatta, mahalliy hokimliklar koʻmagida hal boʻladi. Bu masalalar sababli oʻquvchi darsga kelmasa, inobatga olinadi», dedi boshqarma boshligʻi.

Azamat Kamolov soʻzlariga koʻra, 6 million oʻquvchidan 14 ming nafardan ziyodi muttasil ravishda darsga kelmayotgani aniqlangan. Ularning 9 mingdan ortigʻi taʼlimga qaytarilgan. 5 ming nafar oʻquvchi boʻyicha ham oʻrganish ishlari olib borilyapti.

Uning maʼlum qilishicha, 2023-yilda farzandi tarbiyasida masʼuliyatsizlik qilgan 12 mingdan ortiq ota-ona Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortilgan.