Oʻtgan yili 3116 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi — Bosh prokuratura

    Xavfsizlik 1 Fevral 2023 1601

    Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi mansabdor shaxslar jinoyatchilgiga oid raqamlarni eʼlon qildi.

    Tahlilda 2022-yil davomida respublika boʻyicha jami 2965 ta jinoyat ishi boʻyicha 3116 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgani maʼlum qilindi.

    Taʼkidlanishicha, jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 110 nafari respublika, 264 nafari viloyat va 2.742 nafari tuman (shahar) miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.

    Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 2.103 nafari oʻzganing mulkini oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, 265 nafari mansab mavqeini suiisteʼmol qilish, 243 nafari firibgarlik, 169 nafari poraxoʻrlik, 51 nafari mansab soxtakorligi, 22 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qarash, 14 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va 249 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etishgan.

    Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trln. 12 mlrd. soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan boʻlib, tergov jarayonida ushbu zararning 847 mlrd. soʻmi undirilgan.