O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida akademik To'ra Mirzaev tavalludining 85 yilligi munosabati bilan “O'zbek folklorshunosligining dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o'tkazildi.
Anjumanga folklorshunoslikdagi yangi qarashlar, To'ra Mirzaevning ilmiy maktabini tadqiq etish, olimning folklorshunoslikka qo'shgan ulkan hissasi va yutuqlari haqidagi bir-biridan qiziqarli ma'ruzalar taqdim etildi.
Anjuman yakunida To'ra Mirzaev tavalludining 85 yilligi munosabati bilan O'z FA O'zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi hamda O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti hamkorligida nashr etilgan “Ustozlar, safdoshlar, izdoshlar” va “E'tiqod va soflik ovozi” nomli to'plamlar taqdimoti ham o'tkazildi.
“Ustozlar, safdoshlar, izdoshlar” to'plamdagi maqolalarda To'ra Mirzaev tomonidan bir qator marhum fol`klorshunoslarning hayoti va ilmiy faoliyati yoritib berilgan. Shuningdek, safdoshlar hamda izdoshlarga bag'ishlangan maqolalar o'rin olgan. Ularning har biri portret-maqola xarakteriga ega bo'lib, yaxlit olganda, o'zbek fol`klorshunosligining fanning yangi sohasi sifatida shakllanishi va uning XXI asrdagi taraqqiyoti to'g'risida muayyan bir tasavvur bera oladi.
"E'tiqod va soflik ovozi” nomli to'plamda akademik To'ra Mirzaev xotirasiga bag'ishlangan maqolalar, ilmiy maqolalar, she'rlar hamda olimning “Bibliografik ko'rsatkichi” joy olgan. To'plamga respublikamizdagi ijod ahlidan tashqari, To'ra Mirzaevni yaqindan bilgan Germaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston olimlarining ham maqolalari kiritilgan.