Ayniqsa, bog'cha va maktab yoshidagi bolalar o'rtasida xastalikka chalinish ko'rsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan cezilarli darajada oshgani qayd etilyapti. Bu esa o'z-o'zidan bolalar klinik shifoxonalariga murojaatlar soni ortishiga ham sabab bo'layotir.
SSV matbuot xizmatining yurtimizda o'tkir respirator infektsiyalar bilan bog'liq jarayonlar, umuman kasallikning kelib chiqish sabablari, tarqalishi va kechishi haqidagi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo'lim boshlig'i Dinora Do‘stmuhammedova javob berdi.
— O'tkir respirator kasalliklar o'zi nima? Dastlab shu haqida aytib o'tsangiz.
— O'tkir respirator kasalliklar – havo-tomchi orqali yuqib, nafas yo'llarining turli qismlari yallig'lanishi va intoksikatsiya sindromi bilan kechadigan virusli xastaliklar guruhidir. O'RK bolalarda yuqumli kasalliklar umumiy sonining 90 foizini tashkil etib, ularning barchasi mavsumiy xarakterga ega. Ya'ni, bu xastaliklar yilning boshqa davrlariga nisbatan aynan kuz-qish mavsumida ko'p uchraydi. Bu guruhga bir necha kasalliklar, xususan, virusli – gripp, paragripp, adenovirus, rotavirus, enterovirus, shuningdek, bakterial– pnevmokokk, meningokokk, stafilokokk kabilar kiradi.
— Bilamizki, kuz-qish mavsumida bolalar o'rtasida o'tkir respirator xastaliklar ko'p kuzatiladi? Buning sabablari nimada?
— Darhaqiqat, kunlar sovib, havo biroz pasayishi bilan yosh bolalar o'rtasida O'RK ko'p uchraydi. Ayniqsa, 3 yoshdan 14 yoshgacha bo'lgan bolalar bu xastalik bilan ko'proq og'riydilar. Boisi ayni shu paytda ularning immun tizimi sustlashib, kasallikka qarshi kurashuvchanligi sezilarli darajada pasayadi.
Qolaversa, ayrim ota-onalar farzandida kasallikning kataral – burun oqish, aksirish, yo'tal, bosh og'rig'i kabi belgilari kuzatilsa-da ularni bog'cha yoki maktabga yuborishga monelik qilmaydi. Bu esa noto'g'ri. Boisi bolalar bir-biri bilan o'zaro muloqotda bo'lishi natijasida kasallikning keng tarqalishiga zamin yaratiladi. Ya'ni, yuqorida ta'kidlaganimizdek, o'tkir respirator kasalliklar havo-tomchi orqali yuqishi sababli, virus tanachalari aksirganda yoki yo'talganda 2-3 metrgacha tarqalib, ko'pchilikni zararlaydi. SHu bois virusga chalingan bolani alohidalash va uni yakka tartibda davolash lozim.
— O'tkir respirator kasalliklari bolalarda qanday kechadi? Uning belgilari haqida ham aytib o'tsangiz.
— Kasallikning kechishi bola organizmi, xususan, uning immun tizimi bilan bevosita bog'liq. Ya'ni, ayrimlarda xastalik engil darajada o'tsa, ba'zilarda birmuncha og'irroq kechadi. Kasallik asosan tumov bilan boshlanadi.
Keyinchalik burun oqishi kuzatilib, dastlab shilliq, keyinchalik yashil bo'lib oqadi. Shuningdek, yo'tal, tomoq qichishi, tana haroratining ko'tarilishi, katta bolalarda tomoq og'rishi, kichik yoshdagilarda esa tomoq qizarib, ovqat eyishga qiynaladi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.